Rasmiy Moskva Qoraqalpog‘istondagi namoyish bo‘yicha munosabat bildirdi

Olam

image

Moskva Qoraqalpog‘istondagi voqealarni O‘zbekistonning ichki ishi deb biladi, respublika rasmiylari yaxshi ishlamoqda, vaziyat nazorat ostida. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

“O‘zbekiston bizning ittifoqdoshimiz, do‘st davlatimiz, juda muhim hamkorimiz. O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan hamma narsa shu davlatning ichki ishi”, degan Kreml matbuot kotibi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston rahbariyatining faol harakatlari sabab barcha mavjud muammolar hal etilishiga shubha qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

Bugun, 4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Qoraqalpog'istondagi namoyishlar

Baholaganlar

717

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing