Turkmaniston Qoraqalpog‘istondagi voqealardan xavotirda
Jamiyat
−
05 iyul 2022
14807Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi oxirgi kunlarda O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealardan xavotir bildirdi. Bu haqda Turkmaniston TIV Matbuot xizmati tarqatgan bayonotda bildirilgan.
“Turkmaniston tomoni O‘zbekiston rahbariyatining mamlakatda konstitutsiyaviy tuzum va huquq-tartibotni, xalq xavfsizligi hamda tinchligini himoya qilish bo‘yicha o‘z vaqtida amalga oshirilgan qat’iy harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mamlakat ko‘p asrlik donishmandlik, tajriba uzoqni ko‘zlagan holda yuzaga kelgan qiyinchiliklarni yengib o‘tishga, O‘zbekiston Respublikasining izchil va barqaror rivojlanishini, davlat va jamoat institutlari barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishiga ishonadi.
“Turkmaniston O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi sifatida bu davlat bilan qardoshlik, do‘stlik va yaqin hamkorlik rishtalari bilan bog‘lanib, unga zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildiradi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va Turkiya kabi bir qator davlatlar O‘zbekiston hukumatining Qoraqalpog‘iston Respublikasida barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi