Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar, dunyoni titratgan NATO sammiti, Asalhoneyning o‘limi tafsiloti – hafta dayjesti

Tahlil

Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar, Asalhoneyning o‘lim tafsiloti, "tonirovka” bo‘yicha kutilmagan qaror, Ozodbek Nazarbekovning qo‘shni respublikada 5 prezident quvilgani haqidagi fikrlari, g‘ayritabiiy nuqson bilan tug‘ilgan chaqaloq, onlayn qimorda yutqazib, o‘zini osgan odam… Haftaning eng muhim va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealari bilan QALAMPIR.UZ dayjestida tanishing.

Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar 

1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar Markaziy dehqon bozorida to‘planib, namoyishlar uyushtirdi. 
Qayd etilishicha, fuqarolar Konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari namoyishlarga sabab bo‘lgan. 

Voqealar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonot berdi. Unda qayd etilishicha, Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinishda ifodalangan g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etilgan.

“O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan ochiqlik va xohish-irodani erkin ifoda qilish siyosatiga qaramay, 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida bir guruh jinoyatchi shaxslar Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinishda ifodalangan g‘ayriqonuniy harakatlarni tashkil etdi.

Populistik shiorlarni niqob qilib olib, fuqarolarning ongi va ishonchini manipulyatsiya qilib, tartibsizliklar tashkilotchilari hokimiyat vakillarining qonuniy talabalariga bo‘ysunmay, respublika fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining ma’muriy binolari oldidagi maydonga yig‘dilar.
Ig‘vogarlar yig‘ilgan fuqarolarga tayangan holda ushbu davlat muassasalarini egallab olishga va shu orqali jamiyatda ixtilof keltirib chiqarish, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorligini izdan chiqarishga urindilar”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qabul qilingan qat’iy choralar bilan tashabbuskorlarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari to‘xtatilib, ommaviy tartibsizlik uyushtirishga urinishlar tarqalishiga chek qo‘yilgan.

“Shuni ishonch bilan aytamizki, davlatimiz vaziyatni yanada beqarorlashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur salohiyatga ega. Ommaviy tartibsizliklar tashkilotchilarining bir guruhi hamda huquqni muhofaza etuvchi organlarga faol qarshilik ko‘rsatgan shaxslar qo‘lga olingan. Hozirda ularga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha ig‘vogarlarning shaxsi aniqlanadi va ular amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi ta’minlanadi.

Respublikadan tashqaridagi nosog‘lom kuchlarning Qoraqalpog‘istondagi vaziyat rivojiga, shu jumladan aniq yo‘naltirilgan axborot xurujlari va ro‘y berayotgan voqealarni qasddan buzib ko‘rsatish orqali ta’sir qilishga urinishlari qayd etilmoqda. Yuzaga kelgan vaziyatda jamoat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda, fuqarolarni g‘ayriqonuniy xatti-harakatlardan ogohlantirib, yuzaga kelgan masalalarni qonun doirasida hal qilishda birgalikda sa’y-harakat qilishga chaqiramiz”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Toshkentda qariyb 2 tonna giyohvand moddalar yoqib yuborildi

Joriy yilning 27 iyun kuni poytaxt Toshkentda O‘zbekistonga olib kirilgan va Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan 2 tonnaga yaqin giyohvandlik moddalari yo‘q qilindi. Narkotik moddalarni yo‘q qilish tadbirida QALAMPIR.UZ xodimlari ham ishtirok etdi. 

Giyohvand moddalarni yo‘q qilish jarayonida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Ashita Mittal ham ishtirok etdi. 

NATO sammiti

Joriy yilning 28 iyun kuni Turkiya, Finlyandiya Prezidentlari, Shvetsiya Bosh vaziri va NATO Bosh kotibi ishtirokida NATO sammiti oldidan to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.  

NATO sammiti doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg qatnashdi. O‘zaro to‘rtlik uchrashuvini o‘tkazishdi va kelishuvga erishishdi.

Yig‘ilishda NATO ga kirishini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi munosabati bilan Shvetsiya va Finlyandiyaning ittifoqqa a’zolik masalalari muhokama qilinadi.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra, uch mamlakat Tashqi ishlar vazirlari “Uchlik memorandumi”ni imzoladilar. Memorandumga ko‘ra, Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda barcha talablarni bajaradi. Turkiyada terroristik tashkilot deb tan olingan tuzilmalar – Kurdiston ishchi partiyasi, Suriya xalq mudofaasi otryadi va FETO bilan muloqotni to‘xtatadi va o‘zi ham ularni terroristik tashkilot sifatida qayd etadi. 

29 iyun kuni NATO rahbarlari Finlyandiya va Shvetsiyani ittifoqqa a’zolikka taklif qildi.

Sammitda NATO ning 2030 yilgacha bo‘lgan konsepsiyasi tasdiqlandi. Tashkilot Ukrainaga urush davrida doimiy harbiy yordamni to‘xtatmasligi belgilab olindi. 

Konsepsiyada NATO Rossiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb tan oldi. Xitoyni esa NATO qadriyatlariga zid deb hisobladi

NATO sammiti doirasida AQSH Prezidenti Jo Bayden va Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Jo Bayden Turkiyani anchadan buyon qiynab kelayotgan masala bo‘yicha oxirgi qarorini aytdi. Unga ko‘ra? Endilikda Turkiyaga F16 qiruvchi samolyotlari yetkazib beriladi va ularning modernizatsiyasi tashkil qilinadi.

O‘zbekistonlik taekvondochilar tarixiy natija qayd etdi

27 iyun kuni Janubiy Koreyaning Chunchon shahrida taekvondo bo‘yicha XXV Osiyo chempionati yakuniga yetdi.

So‘nggi kungi bahslarda -80 kg vazn toifasida janglarda ishtirok etgan Shuhrat Salayev qit’a chempionligini qo‘lga kiritdi.

Quvonarlisi, Ulug‘bek Rashitov, Jasurbek Jaysunov, Nikita Rafalovich va Shuhrat Salayev barcha raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo chempioni degan nomga sazovor bo‘lishdi. Bungacha mustaqil O‘zbekiston tarixida hech qachon Osiyo chempionatida 4 ta oltin medal qo‘lga kiritilmagan.

Prezident “tonirovka” bo‘yicha qarorni imzoladi

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab avtomobilning orqa yon oynalarini qoraytirish to‘lovlari bekor qilinadi, ya’ni bepul bo‘ladi.

O‘zbekistonda avtomobillarning old yon oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish)ga ruxsat berganlik uchun to‘lov miqdori bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari yoki amaldagi BHMga ko‘ra, 2 million 400 000 so‘m etib belgilandi. 

Jizzaxda ko‘p nuqsonli chaqaloq tug‘ildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ma nuqsonli chaqaloq dunyoga kelgani aytilgan videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni sog‘liqni saqlash boshqarmasi Matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, bu chaqaloq viloyatning Do‘stlik tumanida dunyoga kelgan. Unga “Homiladorlik 2. Tug‘uruq 2. 35 hafta 4 kun. Homilaning chanog‘i bilan kelishi” tashxisi qo‘yilgan.

Muddatiga yetgan o‘g‘il jinsli nogironligi bor chaqaloq dunyoga kelgan. Ko‘rsatilgan reanimatsion tibbiy muolajalarga qaramasdan hayotga zid qo‘shma asoratlar bilan tug‘ilgan go‘dak shu kuni 08:20 da vafot etgan.

O‘zbek adabiyoti og‘ir judolikka uchradi

Joriy yilning 28 iyun kuni adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Ibrohim Haqqul 74 yoshida vafot etdi.  

Ibrohim Haqqul 1970-1972 yillarda "Shofirkon haqiqati" gazetasida bo‘lim boshlig‘i va muharrir vazifalarida ishlagan. 

Olim 1972 yildan to hozirga qadar Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida faoliyat qilib kelgan. 

MTRK raisining birinchi o‘rinbosari Farhod Mahmudov vafot etdi

27 iyun kuni jurnalist, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farhod Mahmudov vafot etdi.

Farhod Mahmudov 1996 yil Toshkent davlat universitetini tamomlagan.  2008 yil “Mehnat shuhrati” ordeni, 2018 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Totalizatorda yutqazgan 33 yoshli erkak o‘zini osib qo‘ydi 

Namanganda 33 yoshli erkak elektron qimor o‘yinida yutqazib qo‘ygani uchun o‘zini osib qo‘ydi

Qayd etilishicha, joriy yilning 26 iyun kuni Norin tumanida yashagan 1989 yilda tug‘ilgan N.A. (erkak, oilali, 1 nafar farzandi bor, avtomaktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan) uyining tom qismida o‘zini osib, vafot etgan.

Tekshirish davomida marhum oxirgi vaqtlarda elektron qimor o‘yinida yutqazib qo‘ygani, shu bois oilaviy kelishmovchiliklar kelib chiqqani, oqibatda ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar bo‘lgani aniqlangan.

Surxondaryodagi Xatak g‘orida neandertal odam yashagan makon topildi

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashgan Surxon davlat qo‘riqxonasi Xatak bo‘limi Bog‘li dara massivida miloddan avvalgi 100−40 ming yillikka oid neandertal odam makoni topildi.

Qayd etilishicha, Xatak g‘ori 2021 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi doktoranti Xoliyor Oynazarov tomonidan petrogliflarni qidirish jarayonida topilgan. 

Ayrim davlatlarda 5 ta prezident quvildi, hech narsa o‘zgarmadi – Nazarbekov

Ayrim davlatlarda liderni yomonlash orqali jamiyatdagi katta islohotni chilparchin qilib tashlash bo‘yicha ma’lum tajribalar yaratilgan. Buning ortida katta guruhlar ishlaydi. Shuning uchun ayrim davlatlarda 5 ta prezident quvildi, lekin jamiyatda hech narsa o‘zgargani yo‘q. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov  29 iyun kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda so‘z ochdi. 

Nazarbekov, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan tortishuvlar, yangi Konstitutsiya targ‘iboti bilan bog‘liq chiqishlar muhokamalarga sabab bo‘layotganiga to‘xtaldi. U ayrim blogerlarning faoliyati uni qo‘rqitayotganini aytdi. 

Vazir aynan qaysi mamlakat haqida so‘z yuritganiga aniqlik kiritmagan. Biroq anglashilishicha, Nazarbekov katta ehtimol bilan O‘zbekistonning yaqin qo‘shnisi Qirg‘izistondagi vaziyatga ishora bergan.

“Asalhoney”ning qotili uni qanday o‘ldirganini aytib berdi

Qayd etilishicha, asli xorazmlik bo‘lgan 25 yoshli yigit o‘tgan yilning yoz oylarida Internet orqali Asal Xo‘jayeva bilan tanishib, u bilan uchrashish uchun 300 AQSH dollariga kelishgan. Ammo yigitda ushbu mablag‘ yo‘qligi sabab joriy yilning fevral oyi o‘rtalarida takroran unga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zining moddiy sharoitini tushuntirgan.

Yigitning so‘zlariga ko‘ra, u telefon qilganida Asalhoney turli uyatli so‘zlar bilan ota-onasini qo‘shib haqorat qilgan.

Ushbu haqoratli so‘zlardan so‘ng, qotil yigit Xo‘jayevaning Instagram sahifasi orqali yashash manzili va ushbu xonadonda bo‘lgan moddiy boyliklarni kuzatib, Xo‘jayevadan qasd olish maqsadida uni o‘ldirib, boyliklarini qo‘lga kiritish haqida jinoiy reja tuzgan.

Qurbon hayiti qachonga to‘g‘ri kelishi aytildi

Hijriy 1443 yil Zulhijja oyining birinchi kuni milodiy yil hisobi bo‘yicha 2022 yil 30 iyun kuniga to‘g‘ri keladi.

9 iyul Qurbon hayiti sifatida rasman tasdiqlansa, o‘zbekistonliklar ish haftasining turidan qat’i nazar ketma-ket 4 kun dam olishadi.


Maqola muallifi

Teglar

Asalhoney tonirofka Qoraqalpog'istondagi namoyishlar

Baholaganlar

259

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing