Qoraqalpog‘istonda “The Economist” jurnalistining faoliyatiga to‘sqinlik qilindimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari vakillari o‘rtasida Nukusda xorijiy jurnalistlarga voqealarni yoritishga to‘sqinlik qilinayotgani, jumladan Britaniyada chop etiladigan “The Economist” jurnalining Nukusda bo‘lib turgan muxbiri Joanna Lillis voqealarni yorita olmayotgani, undan texnikalari olib qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. 

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov bu xabarlarni rad etdi. Unga ko‘ra, jurnalistlarning Nukusdagi voqealarni yoritish jarayonida hech qanday muammo yo‘q.

“Men joydagi komendatura vakillari, shuningdek, Joanna Lillis xonim bilan bog‘landim. U hech qanday muammo yo‘qligini, faoliyat olib borayotganini bildirdi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, deputat O‘zbekiston ochiqlik va huquqiylik prinsiplariga sodiq mamlakat sifatida shakllanayotganini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, “The Economist” jurnali muxbiri Joanna Lillis joriy yilning 3 iyul kuni Nukusga yetib keldi. O‘sha kuni u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday xabar qoldirgan edi: 

“Nukus tinch, ammo vaziyat tarang. Men bugun namoyishlar bo‘lganini ko‘rganim yo‘q. Juda qattiq xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Hukumat va parlament binolari xavfsizlik kuchlari tomonidan qurshab olingan, transport vositalarining harakatlanishi cheklangan”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Nukus Qoraqalpog'istondagi namoyishlar

Baholaganlar

85

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing