Kreml Zelenskiyning va’dasiga ishonmaydi – Peskov

Olam

image

Moskva Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Kiyev Amerikaning uzoq masofali yalpi hujum reaktiv tizimlari bilan Rossiya Federatsiyasi hududiga hujum qilmoqchi emasligi haqida aytganlariga ishonmaydi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 1 iyun kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Yo‘q. Ishonish uchun va’da bajarilgan holatlar tajribasiga ega bo‘lish kerak. Afsuski, bunday tajriba umuman yo‘q. Aksincha, voqealar rivoji, Prezident Zelenskiyning Ukraina janubi-sharqidagi urushni butunlay tugatish haqidagi asosiy saylov va’dasidan boshlab, Minsk kelishuvlari ham bajarilmagan, ular Ukraina tomonlarining aybi bilan unutildi”, deb javob berdi Kreml matbuot kotibi Kreml Zelenskiyning so‘zlariga ishonadimi, degan savolga.

Peskov shulardan kelib chiqib, Ukraina tomoniga ishonch yo‘qligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Zelenskiy Amerika nashriga bergan intervyusida Ukraina AQSHdan olgan qurollari bilan Rossiyaga hujum qilish niyatida emasiligini aytgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

6

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing