Jazosiz qolgan Usmonova yoxud IIVning kuchi faqat blogeru jurnalistlarga yetadimi?
Jamiyat
−
04 iyun 2020
78804Bundan roppa-rosa bir oy oldin O‘zbekistonda xalq artisti Yulduz Usmonova Sirdaryoda “Sardoba” suv ombori to‘g‘oni yorilishi natijasida yuz bergan toshqindan jabrlangan odamlarga yordam berish uchun tashkil qilgan aksiyasi ayovsiz tanqid va haqorat bilan yakunlangandi.
4 may tongida internetning o‘zbek segmenti O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning g‘azab va nafrat to‘la murojaatidan karaxt bo‘lib qoldi. Xonandaning bu g‘azabi bir yo ikki shaxsga emas butun boshli mamlakat Ichki ishlar tizimi xodimlariga qaratilgandi.
“Aslo rozi emasman. Xalq eshitsin. Yurt-olam eshitsin. Militsiya absolyutno ne rabotayet. Hozir Karimov davrida yashamayapsizlar klizma olgani, shunchalik ham klizmaga o‘rganib qolasizlarmi?”, degan Usmonova hissiyotga berilib.
U so‘zida davom etarkan, qo‘l soatiga ishora qilib xodimlar uxlab yotganini aytadi.
“Uyat bormi, vijdon bormi? Xalqni “nalog”idan oylik olyapsanlar, nima qilyapsanlar? Bittangni topib bo‘lmayapti, hammang uxlab yotibsan”, deydi Yulduz Usmonova.
Video so‘ngida Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlari xalq mehrini mehnat bilan qozonishi kerakligini aytib, jurnalistlardan ushbu voqealarni nashrlarda e’lon qilishni so‘ragan.
Madaniyat xodimining ijtimoiy tarmoqdagi jonli efirda Ichki ishlar xodimlariga qarata “Padarla’anati bo‘ldilaring bugun”, kabi so‘zlarni aytishi jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Usmonovaning “qaynoq” chiqishiga dastlab Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Ko‘p o‘tmay, Usmonova Ichki ishlar xodimlaridan kechirim so‘radi.
O‘z xodimlariga nojo‘ya gap aytgan yoki ularga nisbatan ortiqcha harakat qilganlarga tezda chora ko‘rib, “kavushini to‘g‘rilab qo‘yadigan” Ichki ishlar vazirligi keskin bayonot bilan chiqdi. Usmonovaning harakatlari ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi. IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligini shubha ostiga oldi.
Bunday keskin munosabatdan keyin barcha “endi Yulduz Usmonova ham jazosini olarkan-da” deb adolat qaror topishini kuta boshladi.
So‘ng “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandaning xatti-harakatlari Madaniyat vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashida muhokama qilinishi aytib chiqdi. Ammo, bu masalaga qaytilmadi. Boshqalarning litsenziyasini olib qo‘yishga usta bo‘lgan “O‘zbekkonsert”ning Yulduzga "tishi" o‘tmadi. Mana, sizga ijtimoiy tenglik.
IIV 5 may kuni Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishini ma’lum qilib, OAVni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga taklif qildi. Ammo sud bo‘lmadi.
Mamlakatda bo‘lib o‘tgan voqealar esa Turkiya matbuotigacha yetib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi esa Usmonovaning hujjatlari sudga yetib kelmagani sababli mahkama majlisi o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.
Usmonova 7 may kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning kabinetidan turib yana bir bor Ichki ishlar xodimlari va ularning ota-onalaridan uzr so‘rab chiqdi.
May oyi oxirida esa O‘zbekistondagi barcha telekanallarda Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlariga va kliplariga taqiq o‘rnatildi.
Ammo oradan bir oy o‘tgan bo‘lsa ham IIV o‘ziga nisbatan bo‘lgan haqoratga javob qaytarmadi. Bundan keyin javob kutish ham mantiqsizlik bo‘lsa kerak.
Shu o‘rinda Yulduz Usmonvaning shov-shuvli chiqishidan keyin yuz bergan voqeani eslab o‘tsak. Yaqinda Farg‘ona teleradio kompaniyasi jurnalisti, bloger Usmonjon Qodirov viloyat hokimligi rasmiylari bilan uchrashdan keyin ko‘chada niqob taqmay yurgani uchun o‘sha kunning o‘zida 15 sutkaga qamaldi. Sud qarori ham bir kunda chiqa qoldi.
Sud hujjatida keltirilishicha, Usmonjon Qodirov IIB xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan, huquqbuzarlik harakatlarini davom ettirgan va M.Hamraliyevni uyatli so‘zlar bilan so‘kib, baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgan va shuning uchun ma’muriy qamoq jazosini olgandi. Keyinroq kassatsiya instansiyasi Usmonjon Qodirovni ozod qildi.
Yulduzga kelganda esa qonun himoyachisi bo‘lgan IIV jim bo‘lib qoldi. Vazirlikning bu holiga “Katta gapirish emas, katta non tishlash kerak” degan o‘zbek maqoli hos va mos.
LiveBarchasi