“Tonirovka” narxi, oqlangan “Ravshan Zolotoy” va 6 oydagi 18 ta qurbon — IIV hisobot berdi
Tahlil
−
14 iyul 6528 5 daqiqa
Interpol qidiruviga berilgan Ravshan “Zolotoy” nega ro‘yxatdan olib tashlandi?
Endi avtoavariya sababchilariga nisbatan jazo kuchaytiriladi!
Yoz yondiryapti. Avtomobillarning old oynasini tonirovka qildirish arzonlashtiriladimi?
“Real Sanjik” uyida o‘tkazilgan tintuvda organ xodimlari noqonuniy harakatlarni amalga oshirganmi? Barcha savollarga bugun, 14 iyul kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida javob berildi.
Joriy yilning aprel oyida “Ravshan Zolotoy” laqabi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi. Qidiruv ma’lumotlariga ko‘ra, 1988 yilda tug‘ilgan Muhitdinovga Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) ayblovlari qo‘yilgandi.
Bugun, 14 iyul kuni IIV tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Muhiddinov nega Interpol qidiruvidan olib tashlangani haqida QALAMPIR.UZ jurnalisti IIV vakillariga savol bilan yuzlandi. Ma’lum qilinishicha, “Ravshan Zolotoy”ga nisbatan aslida 2021 yilda qidiruv e’lon qilingan. Shundan so‘ng, tergov harakatlari davomida unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topmagan va shu munosabat bilan qidiruv-tergov harakatlari to‘xtatilgan.
“Haqiqatan, 2021 yilda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “Ravshan Zolotoy”ga nisbatan tegishli moddalar bilan qidiruv e’lon qilingan. Vaqt o‘tgandan keyin javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi munosabati bilan, jinoyat ishi protsessual muddatlari o‘tganligi sababli yopilgan”, deydi IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirsodiqov.
IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari qayd etishicha, joriy yil yana bir necha arizalar kelib tushgani sababli unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan. Biroq bu safar ham qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmagani uchun qidiruv yana to‘xtatilgani aytilmoqda.
“Bir qator tergov harakatlari o‘tkazilgandan, unga nisbatan yana qo‘shimcha arizalar tushgandan keyin, ushbu holat bo‘yicha yana qidiruv harakatlari jadallashtirilib, barcha tergov harakatlari o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, uning boshqa ayblov holatlari tasdiqlanmaganidan so‘ng, Muhitdinovga nisbatan yana qidiruv harakatlari bekor qilingan”, deb aytgan IIBB mulozimi.
Bu taniqli tadbirkor G‘ofur Rahimovning jiyani bo‘lgan Ravshan Muhitdinovning qidiruvga berilib, so‘ng hammasi to‘xtatilishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. U 2007 yilda (18 yoshida) Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari (jumladan, jinoiy uyushma tashkil etish) bilan ayblanib, qidiruvga berilgan. U 12 yil davomida O‘zbekistondan tashqarida (asosan Istanbul va Dubayda) istiqomat qilgan. 2019 yilda unga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilingan va Muhitdinov O‘zbekistonga qaytib kelgandi. Unga nisbatan o‘sha vaqtda qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar qayta ko‘rib chiqilib, oqlangani ma’lum qilingan.
Matbuot anjumanida achinarli deb atash mumkin bo‘lgan fakt ham e’lon qilindi. Joriy yilning shu davrigacha IIO tizimida 18 nafar xodim xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida vafot etgan. Solishtirish uchun o‘tgan yilning butun davrida bu ko‘rsatkich 6 ta edi. Aslida o‘lim bilan bog‘liq 1 ta vaziyat ham ko‘plik qiladi. Tizim xodimlarining vafot etishida qoidalarni qasddan buzadigan fuqarolarning qilmishlari asosiy sababga aylangan. Misol tariqasida shu yilning 25 fevralida sodir bo‘lgan shov-shuvli avtohalokatni ko‘rsatish mumkin. Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 16 yoshli bola BMW'da YPX xodimini urib yuborgani va u vafot etgani ko‘pchilikning esidan chiqmagan hali. Endi shu kabi holatlar kuzatilmasligi uchun yo‘l harakati qoidalarini qasddan mensimasdan buzib, yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan shaxslarga nisbatan javobgarlik kuchaytiriladi.
“Endilikda amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ni qasddan mensimasdan, yo‘l transport hodisalariga sababchi bo‘lganlarga nisbatan qat’iy chora ko‘riladi. Bu xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tegishli Qonun loyihasi kiritilgan”, deydi IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov.
Bu yilgi yoz ham “yondiryapti”. Yevropada issiq ob-havo sabab vafot etayotganlar soni har kuni ortmoqda. Avvaliga o‘nlab, keyin yuzlab, endi esa minglab qurbonlar haqida xabarlar e’lon qilinmoqda. O‘zbekistonda kuzatilayotgan jazirama sabab Xorazm va Navoiy viloyatlarida bog‘chalar vaqtincha yopildi. Tabiiyki, bunday issiq havoda avtomobillarning oynasini qoraytirish mavzusi muhokama markaziga chiqadi. O‘tgan yilning 7 avgustida Ichki ishlar vazirligi may va yoz oylarida arzonlashtirilgan narxda “tonirovka” uchun ruxsatnoma berilishini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik uchun e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra vaqtinchalik imtiyozli ruxsatnoma narxi jismoniy va yuridik shaxslar uchun – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, ya’ni 412 ming so‘m bo‘lishi kerak edi. Bu tashabbus bu yildan amalga oshadimi degan savol yig‘ilganlarni qiziqtirdi!
“Avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berish tartibi 2018 yilda joriy etilgan. Dastlab ruxsatnoma narxi 90 BHM etib belgilangan bo‘lib, bu hozirgi hisobda 27 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni tashkil qilgan bo‘lar edi. Keyinchalik 2019–2022 yillarda qarorga to‘rt marta o‘zgartirish kiritilib, narx bosqichma-bosqich pasaytirilgan. Hozir ruxsatnoma qiymati 3 mln 296 ming so‘m bo‘lib, dastlabki narxga nisbatan 11,25 baravar arzonlashtirilgan. Shuningdek, avtomobilning orqa yon oynalari va orqa oynasini ruxsatnomasiz hamda bepul qoraytirishga ruxsat berilgan. Bugungi kunda narxni yana pasaytirish masalasi kun tartibida yo‘q va ko‘rib chiqilmayapti”, dedi Erali Bozorov
Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan joriy yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha tahliliy hisobot shu kabi savol-javoblar bilan o‘tdi. Berilayotgan savollar ham, olinayotgan javoblar ham 10 ballik sistemada maksimal darajada belgilanmasligi rost. Ammo bunday ochiq va tanqidiy muloqot platformasining mavjudligi tizimdagi muammolarni yashirmasdan, ularni birgalikda hal etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib qolaveradi.
Batafsil YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi