“Ravshan Zolotoy” nomi nega Interpol qidiruvidan olib tashlangani ochiqlandi
Jamiyat
−
14 iyul 13362 4 daqiqa
“Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinovga nisbatan Interpol orqali xalqaro qidiruv to‘xtatilgani tasdiqlandi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirsodiqov QALAMPIR.UZ jurnalisti savoliga javoban ma’lum qildi.
Joriy yilning aprel oyida Ravshan Muhitdinov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi. Qidiruv ma’lumotlariga ko‘ra, 1988 yilda tug‘ilgan Muhitdinovga Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) ayblovlari qo‘yilgandi.
Shundan so‘ng, QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Ravshan Muhitdinovning nomi Interpol saytidagi qidiruvdagi shaxslar bo‘limidan sirli ravishda olib tashlanganini joriy yilning iyun oyida aniqlagandi.
Bugun, 14 iyul kuni IIV tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Muhiddinov nega Interpol qidiruvidan olib tashlangani haqida QALAMPIR.UZ jurnalisti IIV vakillariga savol bilan yuzlandi. Unda ma’lum qilinishicha, “Ravshan Zolotoy”ga nisbatan aslida 2021 yilda qidiruv e’lon qilingan. Shundan so‘ng tergov harakatlari davomida unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topmagan va shu munosabat bilan qidiruv-tergov harakatlari to‘xtatilgan.
“Haqiqatan, 2021 yilda holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “Ravshan Zolotoy”ga nisbatan tegishli moddalar bilan qidiruv e’lon qilingan. Vaqt o‘tgandan keyin javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi munosabati bilan, jinoyat ishi protsessual muddatlari o‘tganligi sababli yopilgan”, deydi IIBB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirsodiqov.
IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari qayd etilishicha, joriy yil yana bir necha arizalar kelib tushgani sababli unga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan. Biroq bu safar ham qo‘yilgan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmagani uchun qidiruv yana to‘xtatilgan aytilmoqda.
“Bir qator tergov harakatlari o‘tkazilgandan, unga nisbatan yana qo‘shimcha arizalar tushgandan keyin, ushbu holat bo‘yicha yana qidiruv harakatlari jadallashtirilib, barcha tergov harakatlari o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, uning boshqa ayblov holatlari tasdiqlanmaganidan so‘ng, Muhitdinovnga nisbatan yana qidiruv harakatlari bekor qilingan”, deb aytgan IIBB mulozimi.
Ma’lumot uchun, bu Ravshan Muhitdinovning qidiruvga berilib, so‘ng hammasi to‘xtatilishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. U 2007 yilda (18 yoshida) Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari (jumladan, jinoiy uyushma tashkil etish) bilan ayblanib, qidiruvga berilgan. U 12 yil davomida O‘zbekistondan tashqarida (asosan Istanbul va Dubayda) istiqomat qilgan. 2019 yilda unga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilindi va u O‘zbekistonga qaytib keldi. Xabarlarga ko‘ra, Muhitdinov nisbatan o‘sha vaqtda qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar qayta ko‘rib chiqilib, oqlangan.
Ravshan Muhitdinov taniqli tadbirkor va Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasining (AIBA) sobiq prezidenti G‘ofur Rahimovning jiyani hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ravshan Muhitdinovning o‘z tog‘asi G‘ofur Rahimov bilan moliyaviy masalalarda kelishmovchiligi bo‘lgani va bu nizo hatto jismoniy tazyiqlargacha borib yetgani haqida videomurojaatlar tarqalgan.
Ba’zi OAV va ekspertlar uni MDH hududidagi ta’sir doirasiga ega shaxslar bilan yaqin aloqada deb hisoblashadi, biroq Muhitdinovning o‘zi bergan intervyularida bunday iddaolarni rad etib, shunchaki tadbirkor ekanini ta’kidlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Ravshan Muhitdinovning bojasi – “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. QALAMPIR.UZ'ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Sanjar Karimov Ravshan Muhitdinovning qaynotasi ham kuyovlariga ayblov e’lon qilingan davrda hibsga olingan. U Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan ayblanayotgani ma’lum emas.
Live
Barchasi