“Ravshan Zolotoy” nomi Interpol qidiruvi ro‘yxatidan shubhali tarzda olib tashlandi
3-sahifa
−
25 iyun 38161 5 daqiqa
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Ravshan Muhitdinovning nomi Interpol saytidagi qidiruvdagi shaxslar bo‘limidan olib tashlandi.
“Ravshan zolotoy” laqabi bilan tanilgan o‘zbekistonlik Ravshan Muhitdinov joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston so‘rovi bilan Interpol qidiruviga berilgan edi. O‘sha vaqtda joylashtirilgan e’londa 1988 yilda tug‘ilgan Ravshan Muhitdinov Jinoyat kodeksining 173-moddasi 3-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish), 242-moddasi 2-qismi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan ayblanayotgani qayd etilgandi.
-%D0%B2%D0%BE%D1%81%D1%81%D1%82%D0%B0%D0%BD%D0%BE%D0%B2%D0%BB%D0%B5%D0%BD%D0%BE-%D0%B2%D0%BE%D1%81%D1%81%D1%82%D0%B0%D0%BD%D0%BE%D0%B2%D0%BB%D0%B5%D0%BD%D0%BE(2).jpg)
Qidiruv haqidagi e’lon ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lganidan ikki kun o‘tib, 19 aprel kuni Ravshan Muhitdinov Instagram’dagi sahifasiga Angliya poytaxti Londonda tushgan suratini joylashtirib, post ostiga shunday izoh qoldirgan:
“Har bir yigit boshiga tashvish kelsa, yigitlik qilganda kelsin! Insonlarga sotqinlik yoki Vatanga xoinlik qilganda emas”.

Ravshan Muhitdinovga nisbatan xalqaro qidiruv e’loni nega Interpol saytidan yo‘qolib qolgani hozircha noma’lum. Ichki ishlar vazirligi tomonidan unga nisbatan e’lon qilingan ayblov va ishning borishi haqida ham aniq ma’lumotlar mavjud emas. Har holda vazirlik Muhitdinov nisbatan ochilgan jinoyat ishi yopilgani haqida axborot bermagan.
Bu Ravshan Muhitdinovning birinchi marta qidiruvga berilib, so‘ng hammasi to‘xtatilishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. U 2007 yilda (18 yoshida) Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari (jumladan, jinoiy uyushma tashkil etish) bilan ayblanib, qidiruvga berilgan. U 12 yil davomida O‘zbekistondan tashqarida (asosan Istanbul va Dubayda) istiqomat qilgan. 2019 yilda unga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilindi va u O‘zbekistonga qaytib keldi. Xabarlarga ko‘ra, Muhitdinov nisbatan o‘sha vaqtda qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar qayta ko‘rib chiqilib, oqlangan.
Ravshan Muhitdinov taniqli tadbirkor va Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasining (AIBA) sobiq prezidenti G‘ofur Rahimovning jiyani hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ravshan Muhitdinovning o‘z tog‘asi G‘ofur Rahimov bilan moliyaviy masalalarda kelishmovchiligi bo‘lgani va bu nizo hatto jismoniy tazyiqlargacha borib yetgani haqida videomurojaatlar tarqalgan.
Ba’zi OAV va ekspertlar uni MDH hududidagi ta’sir doirasiga ega shaxslar bilan yaqin aloqada deb hisoblashadi, biroq Muhitdinovning o‘zi bergan intervyularida bunday iddaolarni rad etib, shunchaki tadbirkor ekanini ta’kidlaydi.
Ma’lumot uchun, Interpol (Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti) bazasidan, xususan, qizil bildirishnoma (Red Notice) berilgan shaxslarning ism-shariflari va qidiruv e’lonlari olib tashlanishi murakkab huquqiy jarayon hisoblanadi. Bunday qarorlar Interpol Bosh kotibiyati yoki maxsus mustaqil organ — Interpol faylllarini nazorat qilish komissiyasi (CCF — Commission for the Control of Interpol’s Files) tomonidan qabul qilinadi.
Agar qidiruv e’lon qilgan davlat (so‘rovchi tomon) shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni tugatsa, ayblovlarni olib tashlasa yoki o‘sha davlatda amnistiya e’lon qilinsa, qidiruv o‘z-o‘zidan asossiz bo‘lib qoladi. Davlat bu haqda Interpolni xabardor qiladi va so‘rov bekor qilinadi.
Shuningdek, qidiruvdagi shaxs qo‘lga olinsa, so‘rovchi davlatga topshirilsa (ekstraditsiya) yoki o‘z yurtida jazoni o‘tashga kirishsa, qizil bildirishnoma o‘z maqsadiga yetgan hisoblanadi va tizimdan o‘chiriladi.
Qolaversa, Interpol qoidalariga ko‘ra, tashkilotning siyosiy, harbiy, diniy yoki irqiy xarakterga ega bo‘lgan ishlarga aralashishi qat’iyan man etiladi. Agar qidiruvga berilgan shaxs (yoki uning advokatlari) CCF komissiyasiga ushbu ta’qib aslida siyosiy motivlarga ega ekanini yoki inson huquqlarini buzish maqsadida qilinganini isbotlab bersa, Interpol bildirishnomani bekor qiladi.
Interpol Nizomining 2-moddasiga muvofiq, tashkilot faoliyati Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi ruhiga mos kelishi kerak. Agar shaxs ushbu qidiruv natijasida vatanida qiynoqlarga solinishi, adolatli sudlovdan mahrum etilishi yoki hayoti xavf ostida qolishini asoslab bera olsa (ayniqsa, unga biror davlat tomonidan siyosiy qochqinlik maqomi berilgan bo‘lsa), qidiruv olib tashlanadi.
Qidiruv bekor qilinishiga yana qo‘shimcha asoslar:
• So‘rovchi davlat tomonidan taqdim etilgan jinoyat ishi hujjatlarida jiddiy kamchiliklar bo‘lsa:
• Jinoyat tarkibi yetarlicha asoslanmagan bo‘lsa;
• Qidiruvga berish uchun belgilangan moliyaviy yoki huquqiy chegaralardan (masalan, yengil jinoyatlar uchun qizil bildirishnoma berilmaydi) past bo‘lsa;
• Milliy darajadagi hibsga olish orderi noqonuniy yoki xato chiqarilgan bo‘lsa.
Agar jinoyat sodir etilgan vaqtdan boshlab qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortishning eskirish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa va shaxs hali ham ushlanmagan bo‘lsa, ushbu asos bilan ham qidiruvni bekor qilish so‘ralishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Ravshan Muhitdinovning bojasi – “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. QALAMPIR.UZ'ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Sanjar Karimov Ravshan Muhitdinovning qaynotasi ham kuyovlariga ayblov e’lon qilingan davrda hibsga olingan. U Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan ayblanayotgani ma’lum emas.
Live
Barchasi