Madaniyat vazirligi Usmonovaga kelganda noprofessionallarcha nasihat yo‘lini tanladi
Madaniyat-san’at
−
04 may 2020
54848Biroz avval, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlarini haqoratlagani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holatga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi “munosabat” bildirdi. Unda shunday deyiladi:
“Yulduz Usmonova "Pryamoy Efir"da militsiyani qattiq tanqid qildi” mavzusida ijtimoiy tarmoqlarda video lavha tarqatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ushbu videolavhaga e’tiroz munosabatini bildirmoqda. Yurtimizga kelgan sinovlar paytida Yulduz Usmonova tomonidan bildirilgan fikrlar noo‘rindir, shuningdek, san’atkorning xabari bo‘lmasa kerak, ikki oy davomida o‘z oilasi va uyiga xattoki bormayotgan ichki ishlar xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda nolishayotgani yo‘q. Chunki, ular xalqning tinchligi yo‘lida kunni kun, tunni tun demay mehnat qilishyapti.
Bir ishning ortidan ichki ishlar xodimlarini ayblash xato bo‘lsa kerak, eslang, Yulduz Usmonova undan oldin OAVlar orqali ichki ishlar xodimlariga minnatdorlik bildirgan kuningizni. Endi, bir achchiq gap bilan ularga bildirgan nafratingiz bu nimaning dalolati? Mayli, achchiq ustida gapirilgan gaplarni ijtimoiy tarmoqqa chiqarishingiz bu nimasi?
Bugun mamlakatimizda barcha jam, ya’ni Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar xodimlari, shifokorlar bularning zaxmatkash mehnatini bugun xech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.
Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik shukuhini ta’minlab berayotgan Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulotda vaziyatlar xodimlari hamda shifokorlarga Madaniyat vazirligi o‘z minnatdorligini bildiradi”, deyiladi vazirlik rasmiy munosabatida.
Bu vazirlikning voqeani atroflicha o‘rganib, muhokama qilib, kengash asosiy qabul qilingan munosabati emas, balki nasihatiga o‘xshaydi. Odatda va o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, rasmiy munosabatlar vazirlik darajasida bunday ko‘rinishda bo‘lmaydi. Masala jiddiy. Vaziyat Usmonovaning ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lishi, xalqda Ichki ishlar xodimlariga nisbatan bepisandlik paydo bo‘lishi mumkin. Ikki tizim xodimlari o‘rtasida murosasiz vaziyat yuzaga kelishi ham ehtimoldan xoli emas. Xo‘sh, vaziyat bu qadar jiddiy ekan Madaniyat vazirligi bolalar teatrida ertak aytgandek nasihat ko‘rinishida munosabat bildirishi to‘g‘rimi? Vazirlik nega ish yuzasidan olib borayotgan surishtiruvlari, IIV bilan hamkorligi, Usmonovaning odob-axloq masalasi muhokama qilinishi haqida miq etmadi? Yo niqob taqmagani uchun Munisa Rizayeva vazirlikka chaqirilganda butun boshli tizimga la’nat o‘qigan Usmonova choralardan chetda qoladimi? Ertak, nasihatni kimga aytyapsiz?
Holat bo‘yicha "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi hamon sukut saqlamoqda.
LiveBarchasi