Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin
3-sahifa
−
02 mart 9009 2 daqiqa
O‘zbekistondan Turkiyaning Balikesir shahriga borgan Dilafruz Cho‘liyeva izsiz g‘oyib bo‘ldi. U joriy yilning 21 yanvar kuni bozorga ketayotganini aytgan. Bu haqda “Sabah” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, O‘zbekiston fuqarosi, ikki farzandning onasi, 46 yoshli Dilafruz Cho‘liyeva ishlash uchun Turkiyaga borib, Balikesirning Burhoniya tumani yashagan. U yerda keksa va bemor kishiga qaragan. Ayol joriy yilning 21 yanvar kuni bozorga chiqish uchun ruxsat olgan va to‘satdan g‘oyib bo‘lgan.
Cho‘liyevadan xabar ololmagan yaqinlari bedarak yo‘qolganligi haqida ariza bergan va voqea yuzasidan O‘zbekiston elchixonasi hamda konsulligi xabardor qilingan. 23 yanvar kuni ish beruvchilari ham Dilafruz Cho‘liyevani qidirib, politsiyaga xabar bergan.
Politsiya guruhlarining tekshiruvlari natijasida 21 yanvar kuni ko‘chaga chiqqan ayolning telefoni o‘chgani, oxirgi marta yana bir O‘zbekiston fuqarosi — Ilyos ismli shaxsning yoniga borgani va shundan so‘ng undan boshqa xabar olinmagani aniqlangan. Ilyos o‘z ko‘rsatmasida Dilafruz Cho‘liyeva uning yoniga kelganini, so‘ngra Istanbulga ketganini aytgan.
Bugun, 2 mart kuni Turkiyadagi o‘rmonlarning biridan tanib bo‘lmas darajadagi ayol jasadi topilgan. Dilafruz Cho‘liyevaning yaqinlari kiyimlar va ba’zi belgilarga tayanib, jasad unga tegishli bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan. Biroq mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston fuqarolari gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olingan.
“Onam 8 oy oldin ishlash uchun Turkiyaga kelgan edi. Hozir u bilan bog‘lana olmayapman. 21 yanvar kuni soat 20:00 atrofida Edremitdan Burhoniyaga qaytgan. Telefoni o‘chiq, hech qanday iz yo‘q. Qidiruvga berdik, elchixonani xabardor qildik”, deydi bir oydan beri onasidan xabar ololmayotgan o‘g‘il.
U Istanbulning Umroniya tumanida o‘ldirilib, jasadi bo‘laklab tashlangan o‘zbekistonlik ayollar haqidagi xabarlarni o‘qigach, onasining boshiga ham shunday voqea tushishidan qo‘rqayotganini aytgan.
“Xabarlarda, gazetalarda ko‘ryapmiz. Istanbuldagi oxirgi voqealardan keyin juda qo‘rqib ketdik. Onam qandli diabet bilan og‘riydi, dorilarini vaqtida ichmasa, sog‘lig‘i yomonlashadi. Hayotidan shubha qilyapman. Iltimos, uni toping”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.