Shakar, non, “svet”, maymun chechagi... Haftani tebratgan voqealar

Tahlil

QALAMPIR.UZ dayjestida yakunlanayotgan hafta davomida sodir bo‘lgan ko‘plab muhim va muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlar tafsilotlari bilan tanishing. Narxi oshgan shakar va “buxanka”, qimatlashi kutilayotgan "svet" va gaz narxi, jonli efirda tadbir zalidan haydalgan jurnalist, AQSH elchisi bergan kutilmagan bayonot, odamlarni tupurib davolagan soxta “tabib” shular jumlasidan.

O‘zbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari Lola Murodova vafot etdi

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi raisi Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov, Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Hayitov marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. 

Noma’lum shaxs “Mona Liza” asariga hujum qildi

Parijdagi Luvr muzeyiga tashrif buyurgan shaxs Leonardo da Vinchining “Mona Liza” nomi bilan mashhur asariga tort uloqtirdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs olomon orasida bo‘lgan va mashhur kartinaga tort uloqtirgan. Shundan so‘ng madaniyat muassasasi qo‘riqlash xizmati tort uloqtirgan shaxsni haydab yuborgan va muzey xodimlari binoni tozalashga kirishgan. 

Erkin Vohidovning qizi jurnalistni jonli efirda zaldan chiqarib yubordi

Joriy yilning 30 may kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir ommaviy axborot vositalari va jurnalistga nisbatan hurmatsizlik bilan yodda qoldi. O‘zini marhum shoirning kenja qizi deb tanishtirgan ayol jonli efirda tadbirni yoritayotgan jurnalist va uning suhbatdoshini zaldan quvib chiqardi. Holat to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Madaniyat va ma’rifat” telekanali orqali efir yuzini ko‘rdi. 

Gap shundaki, uyushmada shoir xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir jonli efirda yoritib borilgan. Jurnalist suhbatdoshi Farg‘onadagi Erkin Vohidov ijod maktabi o‘qituvchisi O‘ktamoy Soliyevaga jonli efirda savol bilan yuzlanayotganda, orqa tarafdan bir ayol kelib, ularni qo‘lidan tortib, tashqariga chiqargan, ko‘p o‘tmay “Madaniyat va ma’rifat” telekanali jonli efiri uzilgan.

Hozirgacha xotira kechasining asosiy tashkilotchisi bo‘lgan Yozuvchilar uyushmasi tadbirda shoirning farzandi qilgan xatti-harakatlarga munosabat bildirmadi.

1 iyuldan O‘zbekistonda gaz va “svet” narxi oshadi va ular uchun norma o‘rnatish rejalashtirilyapti

Joriy yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab aholiga gaz va elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinib, aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, limitdan ortgan elektr energiyaning har 1 kVt soati uchun – 650 so‘m, 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m etib belgilash rejalashtirilmoqda.

Suyultirilgan gaz esa aholi uchun – 1 600 so‘m miqdorida belgilanmoqda.

Xafsizlik kamarini taqmagan yo‘lovchi ham jarimaga tortiladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchining yonidagi yo‘lovchiga xavfsizlik kamarini taqmagani uchun jarima qo‘llanilayotgani haqida xabarlar tarqalib, munozalarga sabab bo‘lmoqda. Ushbu bahsli vaziyatga Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot xizmati katta mutaxassisi Shodmon Safarov izoh berdi.

Qayd etilishicha, amaldagi qoidalarga ko‘ra, xavfsizlik kamarini taqmaganlik bo‘yicha faqat haydovchiga nisbatan jarima qo‘llanilmoqda, yo‘lovchilarga chora ko‘rish bo‘yicha esa qonunchilikka takliflar kiritilgan.

Toshkentda “buxanka” qimmatlashdi

Joriy yilning 1 iyunidan Toshkentdagi oziq-ovqat do‘konlarida qolipli non (“buxanka”) narxi oshdi va 2800 so‘mdan sotila boshladi. Bungacha "buxanka" 1600 so‘mdan aholiga yetkazib berilayotgandi.

Bundan oldin Moliya vazirligi departameti mudiri bug‘doyni birjada sotish boshlanishi qolipli non narxiga ta’sir qilish va u 2800 so‘mgacha qimmatlashi mumkinligini aytgandi.

“Istanbul rejasi”. Dunyo bo‘yicha bug‘doy inqirozini hal qilishning chorasi topildi

Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish uchun xavfsiz yo‘lakning ishlashini ta’minlaydigan yo‘l xaritasi – Istanbul rejasini tayyorladi.

Ma’lumotga ko‘ra, Istanbulda tashkil etilayotgan don eksporti markazi BMT bilan kelishilgan holda Turkiya vositachiligida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soladi.

Istanbuldagi muvofiqlashtirish markazining ishga tushirilishi Ukraina portlaridan jahon bozorlariga 20 million tonna donni eksport qilish imkonini beradi.

Serdar Berdimuhamedov o‘g‘li bilan Umra ziyoratini ado qildi

Joriy yilning 1 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Umra (kichik haj) ziyoratini ado etish uchun Saudiya Arabistoniga bordi. Bu Serdar Berdimuhamedovning Turkmaniston Prezidenti lavozimiga kirishganidan keyin birinchi xorijiy tashrifidir.

Uni otasi, Xalq Maslahati Milliy Gengeshi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, parlament raisi, mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosarlari va muftiylar kutib oldi.

Turkmaniston Prezidenti va delegatsiya a’zolari masjidga borib, u yerda namoz o‘qib, so‘ng Umra uchun zaruriy marosimlarni ado etgan. Prezident Serdar Berdimuhamedovga teperrik (Ka’bapo‘shdan parcha) sovg‘a qilishgan.

AQSH elchisidan kutilmagan bayonot: “O‘zbekiston aslida past baho olgan”

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum Toshkentdagi Vebster universitetida jurnalistlar bilan o‘tgan uchrashuvda joriy yilning aprel oyida, “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining 2022 yildagi jahon matbuot erkinligi reytingida O‘zbekiston 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rib hayratlanganini, aslini olib qaralsa, O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni yuqorilamagan, aksincha, pasayganini  aytdi.

“O‘zbekiston olgan baho – mamlakat reytingini baholash uchun berilgan son –  2022 yilgi jahon matbuot erkinligi ko‘rsatkichida 2021 yildagidan pasaydi. U 2021 yilda 49,26 bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilda 45,74 ga tushdi. Takror aytmoqchimanki, O‘zbekiston olgan baho pasaydi. Ya’ni, “voqea ortidagi asl voqea” ana shu edi.

Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari YTHda ҳалок bo‘ldi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Bekzod Boborajabov yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.

Shohruh G‘iyosovga ko‘ra, voqea 1 iyun kuni soat taxminan 3:20da Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hududida sodir bo‘lgan. Mazkur hududdan o‘tgan yo‘lda Gentra va Hovo yuk mashinasi to‘qnashgan.

Oqibatida Gentra’da yo‘lovchi sifatida ketayotgan Bekzod Boborajabov vafot etgan. Mashinada bo‘lgan yana ikki kishi tan jarohati olgan.

Imomali Rahmon O‘zbekistonga safar qildi

Joriy yilning 2 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon rasmiy tashrif bilan Toshkentga keldi.

Toshkent xalqaro aeroportida uni Prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon tarixiy ahamiyatga ega Abadiy do‘stlikni mustahkamlash va ittifoqchilik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi.

3 iyun kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlandi. Imomali Rahmon Dushanbega jo‘nab ketdi.

Merkel Rossiya-Ukraina urushida ilk bor kimning tarafidaligini ochiqladi

Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel Ukraina bilan birdamligini bildirib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni “chuqur burilish nuqtasi” deb atadi. Bu Germaniya hukumati sobiq rahbarining Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri birinchi ommaviy izohidir. Mojaro haqidagi avvalgi bayonotlar Merkel nomidan uning idorasi vakillari tomonidan tarqatilgan. 

“Men Rossiya tomonidan hujumga uchragan Ukraina bilan birdamman va ularning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlayman”, deydi Merkel Germaniya kasaba uyushmalari assotsiatsiyasi rahbari Rayner Xoffmanning iste’foga chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda 200 dan ortiq mehmonlarga yuzlanib.

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yangi paketini, jumladan, Rossiya neftining importini rasmiy taqiqlashni ma’qulladi

Unga ko‘ra, Rossiyaning neft-gaz sektoriga xizmatlar ko‘rsatish ham taqiqlanadi.Sanksiyalar paketi ro‘yxatidan 18 yuridik va 65 jismoniy shaxs o‘rin oldi.

Bundan tashqari, Rossiyaning uchta banki, jumladan, Sberbank va bir Belarus banki SWIFT xalqaro to‘lov tizimidan chiqariladi. 

YeI Kengashi bayonotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostidagi rossiyalik jismoniy shaxslarning umumiy soni 1158 nafarga, yuridik shaxslar esa 98 nafarga yetgan.

Toshkent viloyatida odamlarni tupurib davolayotgan “tabib” kimligi aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida odamlarni tupurib davolaydigan tabib paydo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. 

O‘rganishlar davomida video tasvirdagi “tabib” – Bo‘stonliq tumanida yashovchi, 1970 yilda tug‘ilgan fuqaro (chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi shaxs) ekani va u tabiblik borasida ma’lumotga ega emasligi aniqlangan.

Putin Stalinning qarorini tiklamoqchi

Rossiya hukumati sovet davrida mavjud bo‘lgan “Qahramon ona” faxriy unvonini qayta tiklash, shuningdek, bu mukofotni qo‘lga kiritgan ayollar uchun 1 million rubl miqdorida bir martalik to‘lovni belgilash niyatida. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Ota-ona faxri” ordeni bilan taqdirlangan ko‘p bolali oilalar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi. 

"Qahramon ona" unvoni Sovet Ittifoqining eng yuqori darajasi bo‘lib, bolalar tug‘ilishi va tarbiyasidagi xizmatlari uchun ayollarga berilar edi. E’tiborlisi, bu unvon millionlab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi yillarida ta’sis etilgan.

1995 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, 431 mingga yaqin ayol “Qahramon ona” ordeni bilan taqdirlangan.

Rossiyada ISHIDni moliyalashtirgan O‘zbekiston fuqarosi қаmалди

Rossiya harbiy sudi O‘zbekiston fuqarosini ISHID xalqaro terrorchilik tashkilotini moliyalashtirganlikda ayblab, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Qayd etilishicha, u 2013 yildan buyon Afg‘oniston va Pokistondagi xalqaro terrorchilik tashkiloti lagerlariga jangarilarni yuborish va o‘tkazishda ishtirok etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

2021 yilda ISHIDni moliyalashtirishda ayblanib, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan.

O‘zbekistonda shakar narxi oshib ketayotganiga vazirlik rasmiy izoh berdi

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston bozorlarida shakar narxining oshishi yuzasidan ko‘plab xabarlar tarqalmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Matbuot xizmati shakar narxi bo‘yicha munosabat bildirdi.

Vazirlikning Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra bildirishicha, bugungi kunda ichki bozorda 1 kg shakarning o‘rtacha narxi 9 500 – 13 000 so‘m doirasida shakllanmoqda, shuningdek, ayrim savdo nuqtalarida shakar narxining 14 000 so‘mgacha ko‘tarilgani kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, shakar narxining o‘sishiga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga yetkazib berish bo‘yicha transport va logistika bilan bog‘liq muammolar hamda yoqilg‘i resurslari narxlarining o‘sishi ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Kassir xaridorlar cheki bilan 16,5 mln so‘m keshbek to‘plagani aniqlandi
Xaridorlar chekini ro‘yxatdan o‘tkazib 16,5 mln keshbek to‘plagan “uddaburon kassir” aniqlandi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqaro B.R aprel oyida 443 ta 1,8 mlrd so‘mlik cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazib 18 183 656 so‘m keshbek to‘plagan. Shundan, 1,6 mlrd so‘mlik 152 ta cheklar "AA" korxonasidan olingan bo‘lib, ularga 16 485 000 so‘mlik keshbek hisoblangan.

O‘rganish natijasida ushbu fuqaro “AA” korxonasida kassir lavozimida ishlashi ma’lum bo‘lgan va ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklar shubhali bo‘lgani sababli hisoblangan 16 485 000 so‘mlik keshbek summalari bekor qilindi.

O‘zbekiston maymun chechagi kirmasligi uchun nima qilyapti?

O‘zbekistonda hozircha maymun chechagi bilan kasallanish holati qayd etilmadi. Bu haqda Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Kasallik bo‘yicha shifokor va tibbiyot xodimlariga zamonaviy bilim, xalqaro miqyosda erishilgan ilg‘or tajriba, ko‘nikmalarni va tadqiqot natijalarini yetkazish hamda shu yo‘l bilan qarshi kurash choralari, uning epidemiologik nazorati, davolash usullari, profilaktikasi sifatini yaxshilash hamda ushbu infeksiyaning odamlarga bo‘lgan xavfini kamaytirish maqsadida “Maymun chechagi uslubiy qo‘llanmasi” loyihasi tayyorlangan.


Maqola muallifi

Teglar

dayjest

Baholaganlar

68

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made