Jonson Putinga yangi ayblov qo‘ydi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga bostirib kirish haqidagi qarori Buyuk Britaniya iqtisodiyotining koronavirus pandemiyasidan keyin tiklanish jarayonini sekinlashtirdi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Boris Jonson ma’lum qildi, deya xabar bermoqda BBC.

“Buyuk Britaniya boshdan kechirayotgan moliyaviy qiyinchiliklarning sabablari orasida COVID-19 pandemiyasining oqibatlari bor, biroq Putinning Ukrainaga qarshi urushi mamlakat iqtisodiyotini to‘liq tiklash imkoniyatini sekinlashtirdi”, deydi Jonson.

Bundan tashqari, Jonson Londonning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash narxini “juda yuqori” deb hisoblaydigan jamiyatning bir qismi pozitsiyasidan xabardor ekanini aytdi. Unga ko‘ra, bunday odamlar Kiyevni Putin nima so‘rasa, shunga rozi bo‘lishga undash kerak deb hisoblaydi. 

“Biroq buni amalga oshirish mumkin emas”, deydi Hukumat rahbari.

Shuningdek, u Putinni “Ukrainaga bo‘lgan da’volarini qondirishga ruxsat berilsa, shunchaki yana kelib, undan ham ko‘proq narsani talab qiladigan” timsohga qiyosladi.

Rossiya rasmiylarining ta’kidlashicha, Ukrainaga bostirib kirishi sababli Moskvaga G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalar jahonda energiya narxining oshishiga sabab bo‘lgan. Boshqa narsalar qatorida, Yevropa Ittifoqi Rossiya gazidan bosqichma-bosqich voz kechish niyatini e’lon qildi va Rossiyadan neft eksportiga qisman embargo joriy qildi, bu esa jahon bozorlarida yoqilg‘i narxining navbatdagi ko‘tarilishiga olib keldi.

Prezident Vladimir Putin esa Rossiyaning neft va gazidan to‘liq voz kechish “yaqin bir necha yil ichida” yuz bermasligiga ishonmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

33

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing