Jonson Fransiya, Germaniya va Italiyaning Rossiyaning bosqini borasidagi sirlarini ochib tashladi
Olam
−
23 noyabr 2022
18361Rossiya “maxsus harbiy operatsiyasi” boshlanishidan oldin, nemis hukumati mojaro yuzaga kelgan taqdirda Ukrainaning tezkor harbiy mag‘lubiyatiga umid qilgan. Bu haqda Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Boris Jonson CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Nemislarning ma’lum bir nuqtadagi pozitsiyasi shundan iborat ediki, agar bu sodir bo‘ladigan bo‘lsa, bu falokat bo‘ladi, hamma narsa tez orada tugasa va Ukraina taslim bo‘lsa yaxshi bo‘ladi”, deydi Jonson.
Buyuk Britaniya sobiq Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati vakillari o‘z pozitsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator jiddiy iqtisodiy sabablarni keltirgan.
Jonson, shuningdek, Fransiya hukumati qurolli mojaro boshlanishi ehtimolini so‘nggi daqiqagacha inkor etganini ta’kidladi.
U so‘zida davom etib, Italiyaning sobiq Bosh vaziri Mario Dragi hukumatini tanqid qildi, uning vakillari Rossiya energetikasiga katta qaramlik tufayli Moskvaga bosimni qo‘llab-quvvatlay olmasligini aytgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi