Jinsiy zo‘ravonlik va qatl: BMT Ukrainadagi urush haqida hisobot e’lon qildi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining monitoring missiyasi allaqachon Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida 15 mingga yaqin tinch aholi qurbon bo‘lganini hujjatlashtirgan. Bu haqda BMTning Ukrainadagi inson huquqlari monitoringi missiyasi rahbari Matilda Bogner matbuot uchun brifing chog‘ida ma’lum qildi. 

Bogner BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasining 2022 yil 1 fevraldan 31 iyulgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan 34-davriy hujjatida Ukrainadagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha hisobot taqdim etilganini ta’kidladi. Hisobotda joylarga amalga oshirilgan 78 marta, qamoqda saqlash joylariga 20 marta tashrifdan, huquqbuzarlik qurbonlari va guvohlari bilan 1000 dan ortiq suhbatlar va boshqa axborot manbalaridan olingan ma’lumotlar mavjud. 

Bognerning so‘zlariga ko‘ra, 24 fevraldan beri, shu hafta holatiga ko‘ra, 5996 kishi halok bo‘lgan,  8848 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar orasida 382 nafar bola bor. Uning ta’kidlashicha, bu tasdiqlangan holatlar, ammo haqiqiy raqamlar ancha yuqori. 

Hisobot davrida 407 ta majburiy bedarak yo‘qotish va o‘zboshimchalik bilan hibsga olish holatlari qayd etilgan bo‘lib, shundan 18 nafari keyinchalik o‘lik holda topilgan. 

Shuningdek, uning aytishicha, hisobot davrida 9 ta zo‘rlash – 8 ta ayol va bir bola, 15 ta erkaklarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va jamoat joylarida yechintirish bo‘yicha 11 ta holat qayd etilgan. 

“30 ta holat Rossiya kuchlari tomonidan, ikkitasi Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan, 11 ta holat tinch fuqarolar yoki Ukraina hududiy mudofaasi xodimlari tomonidan sodir etilgan”, deydi Bogner. 

U, shuningdek, Rossiya Qurolli Kuchlariga qarshi sud jarayonlarida hujjatlashtirilgan adolatli sudlov huquqining buzilishidan xavotirda ekanini bildirdi. 19 ta holatda ayblanuvchining advokatlar bilan muloqot qilish imkoniyati bo‘lmagan, 11 ta holatda esa sud jarayoni tezlashtirilgan tartibda o‘tkazilgan. 

“Biz Ukraina hukumati Ukraina xavfsizlik kuchlari tomonidan harbiy asirlarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘lish holatlari, shuningdek, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish holatlari bo‘yicha tergov boshlaganini hisobga oldik. Aybdorlar javobgarlikka tortilishini kutamiz”, deydi u. 

BMT monitoring missiyasi ham Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganidan xavotirda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qonunchiligining qo‘llanilishi fikr erkinligi huquqini asossiz ravishda cheklab qo‘ydi va jamoatchilikni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha fikr bildirish maydonini sezilarli darajada toraytirdi. 

Bundan tashqari, Bognerning aytishicha, ukrainalik harbiy asirlar Rossiya kuchlari va ular bilan aloqador qurolli guruhlar tomonidan sudsiz qatl qilinmoqda, jinsiy zo‘ravonlik va boshqa tazyiqlarga duchor bo‘lmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

114

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing