Jeenbekov Xavfsizlik kengashiga yangi kotib tayinladi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov Keneshbek Duyshebayevni mamlakat Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinladi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.

“Prezident Duyshebayevni Qirg‘iziston Repblikasi Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi”, deyilgan xabarda.

Ma’lumot uchun Xavfsizlik kengashining kotibi Damir Saginbayev joriy yilning 10 oktyabr kuni lavozimidan ozod qilingandi. Prezident unga qo‘shib, o‘rinbosari Omurbek Suvanaliyevni ishdan olgan.

Prezident Sooronbay Jeenbekovning o‘zi esa yangi Bosh vazir Sadir Japarovning talabiga qaramay hozircha iste’fo bermoqchi emas. U prezidentlikdan ketishdan oldin amalga oshiriladigan ishlarni ma’lum qildi.

Avvalroq, Rossiya qirg‘izistondagi siyosy vaziyat o‘z iziga tushmaguncha mamlakatga moliyaviy ko‘mak berishni to‘xtatib turishi haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

49

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing