Mirziyoyev SHHT sammitida Japarovni ko‘rganidan xursandligini aytdi
Jamiyat
−
10 noyabr 2020
13908Ma’lumki, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda o‘tkazilgan parlament saylovidan keyin mamlakatdagi siyosiy vaziyat butkul o‘zgarib, 2017 yildan buyon Prezidentlik kursisini egallab kelayotgan Soorobay Jeenbekov iste’foga chiqdi. Shu kungacha hibsda bo‘lgan Sadir Japarov esa mamlakat Bosh vaziri lavozimini egalladi va amaldagi qonunchilikka ko‘ra vaqtincha Prezident vazifasini bajaruvchi vakolatini oldi.
Bugun, 10 noyabr kuni Sadir Japarov Qirg‘iziston rahbariyati nomidan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi. Ushbu sammitda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Japarovni SHHT sammitida ko‘rayotganidan xursandligini bildirdi.
“Hurmatli Sadir Nurxojoyevich Japarovni sammitimizda ko‘rib turganimdan mamnunman”, deydi Mirziyoyev o‘z nutqi avvalida.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘izistondagi holatga nisbatan munosabat bildirib, shunday deydi:
“O‘zbekiston eng yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘iziston xalqini tinch taraqqiyot va farovonlik sari intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi”.
O‘zbekiston rahbariyati bugungacha Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroli vaziyat yuzasidan munosabat bildirmay kelayotgan edi. Faqatgina Tashqi ishlar vazirligi Qorabog‘dagi qurolli to‘qnashuvlar boshlanganda Ozarbayjon va Armanistonni o‘t o‘chishni to‘xtatish va siyosiy muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Ayni kunlarda esa Qorabog‘dagi vaziyat biroz o‘nglandi. Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston rahbarlari ishtirokida qo‘shma hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHT sammitidagi nutqida ushbu hujjatni olqishladi.
“Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi o‘t ochish va barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasining faol ko‘magida erishilgan kelishuvlarni olqishlaymiz. Ushbu hududda tinch hayot va barqarorlik tez fursatda tiklanishiga umid bildiramiz”, deydi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 10 noyabr soat 00:00 dan Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish va harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi. Harbiy harakatlar 27 sentyabr kuni boshlangandi. To‘qnashuvlarning boshlanishida rasmiy Baku va Yerevan bir-birini ayblagan.
Mintaqada urush yakunlangach, qochqinlar BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi vositachiligida Tog‘li Qorabog‘ga qaytariladi.
Ma’lumot uchun, Armaniston Bosh vazirining ushbu bayonot imzolangani haqidagi xabaridan keyin Yerevanda norozilik namoyishi boshlandi. Odamlar Hukumat va parlament binosiga bostirib kirdi.
LiveBarchasi