Japarov Prezidentlik vakolatlaridan voz kechmoqda
Olam
−
12 noyabr 2020
16440Qirg‘iziston Prezidentining barcha vakolatlari Sadir Japarov Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchilikdan ketgandan keyin mamlakat parlamenti raisiga o‘tadi. Bu haqda Bosh vazir – vaqtincha Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Prezidentga saylovlarda qatnashish uchun men vakolatimni to‘xtatib qo‘yishim kerak, ular avtomatik ravishda parlament spikeri Talant Mamitovga o‘tadi", deydi u.
Qirg‘izistondagi navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 2021 yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Qonunga binoan, davlat lavozimlarini egallagan shaxslar saylovda nomzod o‘laroq ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi, ular o‘z lavozimlaridan vaqtincha voz kechishlari shart. Prezident iste’foga chiqqan taqdirda, parlament spikeri amaldagi davlat rahbari bo‘ladi. Saylovda qatnashish uchun Japarov 14 noyabrga qadar prezident vakolatlarini topshirishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.
Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi.
LiveBarchasi