Namoyishlarda vayron bo‘lgan “Oq uy”ni ta’mirlashga qancha sarflanishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
25 Oktabr 2020
12680Qirg‘iziston jamoatchiligi orasida 4 oktyabr kuni boshlangan namoyishlarda vayron qilingan "Oq uy" binosini 450 million som (5 million 581 049 AQSH dollari)ga ta’mirlash haqidagi gaplar kun tartibiga chiqqan. Mamlakat Bosh vaziri – vaqtinchi Prezident vazifasini bajaruvchi Sadir Japarov Oq uyning ta’miriga qancha sarflanishiga aniqlik kiritdi. U bu haqda o‘zining Telegram kanalida yozgan.
Sadir Japarov "Oq uy"ni ta’mirlash uchun 450 million som kerakligini rad etgan.
“Oq uy"ni ta’mirlash uchun 450 million som sarflanadi degan ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu parlament saylovlariga kiritilgan mablag‘lar”, deya tushuntiradi u.
Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, Jo‘qorg‘u Kenesh binosini ta’mirlash uchun 10 million som (124 023 AQSH dollari) kerak bo‘ladi. Davlatning vaqtincha rahbari allaqachon ta’mirlash ishlarini boshlashga buyruq berganini qo‘shimcha qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – "Oq uy"ni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Qirg‘izistondagi siyosiy beqarorlik tufayli yetkazilgan zarar 2020 yil 10 oktyabr holatiga ko‘ra 8 milliard som yoki butun mamlakat bo‘ylab 104 million dollarni tashkil etdi.
LiveBarchasi