Jeenbekov Xavfsizlik kengashi rahbariyatini ham lavozimidan ozod qildi
Olam
−
10 Oktabr 2020
12510Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakat Xavfsizlik kengashi kotibi Damir Saginbayevni lavozimidan ozod qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
“Prezident Damir Saginbayevni Qirg‘iziston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi”, deyilgan xabarda.
Shuningdek, Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari Omurbek Suvanaliyev ham egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Avvalroq, Jeenbekov Qirg‘iziston Bosh vaziri Kubatbek Boronov, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Orozbek Opumbayevni hamda Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Rayimberdi Duyshenbiyevni lavozimidan ozod qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi