Jeenbekov xalqdan kechirim so‘radi

Olam

image

Bugun, 16 oktyabr kuni Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat rezidensiyasida parlamentning navbatdan tashqari majlisi o‘tkazilyapti. Kun tartibidan Prezident Sooronbay Jeenbekovning iste’fosi masalasi joy olgan.

Sessiyada davlat rahbari ham ishtirok etyapti. Sooronbay Jeenbekov o‘z nutqida xalqdan kechirim so‘rab, o‘zi bilan ishlagan barchaga minnatdorlik bildirdi.

“Mamlakat uchun qiyin bo‘lgan paytda, vaziyatni tiklash uchun hamma narsani qildim. Men uchun har bir vatandoshning hayoti va sog‘lig‘i azizdir. Men ketishga qaror qildim. Jamiyat bu qarorni har xil qabul qildi, to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, buni vaqt va tarix ko‘rsatib beradi. Xudo va xalq oldida mening vijdonim toza”, degan Jeenbekov.

U barcha to‘plangan tajribalarini odamlarga xizmat qilish uchun ishlatishni niyat qilganligini bildirdi.

“Mening oldimda juda ko‘p vazifalar bor edi. Xususan, Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lining qurilishi. Biz ushbu yo‘nalishda ishladik, loyiha amalga oshirila boshladi. Ushbu yo‘l bizga havodek kerak va men loyihani to‘liq amalga oshirilishini istayman. Men xalqdan uzr so‘rayman”, deya qo‘shimcha qilgan Sooronbay Jeenbekov.

Ma’lumot uchun, Jeenbekov kecha Qirg‘iziston Prezidenti lavozimidan iste’foga chiqqanini ma’lum qildi. Vaqtincha uning vazifasini bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bu vazifani bajarishdan bosh tortdi. Endilikda Konstitutsiyaga ko‘ra, Prezident vakolatlari mamlakatning yangi Bosh vaziri Sadir Japarovga o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.

Kecha, 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati Qirg‘izistonning yangi Hukumatini tan oldi


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

278

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing