Jeenbekov qachon lavozimidan ketishi ma’lum qilindi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov parlament saylovlaridan so‘ng iste’foga chiqmoqchi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Matbuot xizmati rahbari Tolgonay Stamaliyeva ma’lum qildi. 

"Prezident parlament saylovlaridan keyin mamlakatni qonuniy yo‘lga tushirib, yangi prezidentlik saylovini e’lon qilgach, iste’foga chiqadi", deydi u. 

Avvalroq, Prezident Sooronbay Jeenbekov mamlakatning yangi Bosh vaziri Sadir Japarov, Jo‘qorg‘u Kenesh Spikeri Kanat Isayevni qabul qilgan edi. Prezident Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Bosh vazir Japarov Prezident Jeenbekovga bugun kechqurun iste’foga chiqishi talabini qo‘ygan.

Prezident Jeenbekov uchrashuvda joriy yilning 9 oktyabrda e’lon qilgan murojaatidagi pozitsiyasiga sodiq qolishi va mamlakat qonuniy yo‘lga o‘tgandan keyin iste’fo berishini ma’lum qilgan. 

Joriy yilning 9 oktyabrdagi murojaati Prezident Jeenbekov iste’fosi haqida shunday degan edi: 

“Yangi parlament saylovlari belgilanishi kerak. Bu masalada qarorni Markaziy saylov komissiyasi qabul qiladi. Bu choralar hozirgi siyosiy keskinlikni yumshatadi.

Parlamentariylar o‘z majburiyatini bajara olishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari deputatlar xavfsizligini ta’minlashi kerak. Ijro etuvchi idoralarning qonuniy rahbarlari tasdiqlangandan keyin va mamlakat qonuniy yo‘lga tushib olgach, men Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti lavozimidan ketishga roziman”.

Bugun, 14 oktyabr kuni Qirg‘iziston Jo‘qorg‘u Keneshi deputatlari uchinchi marta Sadir Japarov nomzodini mamlakat Bosh vaziri lavozimiga tasdiqladi.

Ma’lumot uchun, 6 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti Sadir Japarov nomzodini iste’foga chiqqan Bosh vazir Kubatbek Boronov o‘rniga tasdiqlagandi. Biroq u vaqtlarda bu tayinlovni tasdiqlovchi Prezident Sooronbay Jeenbekov qayerda ekani noma’lum bo‘lib qolgandi. Keyinroq bu lavozimga da’vogarlar ham ko‘paydi.

10 oktyabr kuni deputatlar Sadir Japarov nomzodini yana Bosh vazir lavozimiga tasdiqladi. Biroq bu safar parlament yig‘ilishi kerakli tartibda o‘tkazilmagani va undagi qarorlar qonuniy kuchga ega emasligi sababli, tayinlov amalga oshmagandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

182

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing