Tashiyev ketdi. Qirg‘izistonda tarix takrorlanyaptimi?
Tahlil
−
12 fevral 1957 12 daqiqa
Sadir Japarov ehtimoliy xavfni hisobga olib, prezidentlikka potensial da’vogar bo‘lishi mumkinligi aytiladigan – 26 yillik o‘z qadrdoni Qamchibek Tashiyev va unga yaqin amaldorlarni ishdan bo‘shatgani haqida turli fikrlar yangramoqda. Kimdir ikki do‘st endi dushmanga aylanganini aytsa, ayrimlar buni o‘zaro yashirin kelishuv demoqda. Ammo ishdan olingan paytida Germaniyada shifoxonada bo‘lgan, Qirg‘iziston boshqaruvidagi asosiy figuralardan biri Tashiyev vaziyatdan bexabarligini bildirib, xayrlashish uchun unga imkon berilmaganidan xafa ekanini aytdi. Mana shundan keyin yana turli xulosalar paydo bo‘la boshladi.
Tahlilchilar Japarov aynan mamlakatdagi to‘s-to‘polon ortidan Prezident bo‘lgani, bu orqali yetarli xulosalar chiqargani sabab endi xuddi shu voqea o‘z hayotida takrorlanishi mumkinligidan xavotirga tushib, “tozalash” boshlaganini aytmoqda. Xo‘sh, yaqingacha ham Qirg‘iziston zamonaviy tarixida eng yaxshi tandem deb ko‘pchilik alohida e’tirof etadigan Sadir Japarov va Tashiyev hamkorligi qachon boshlangan? So‘nggi yillarda davlat rahbari faqat mitinglar, ichki nizolar sabab almashayotgan Qirg‘izistonda yana bir hokimiyat to‘ntarilishi bo‘lishi mumkinmi? Avvalgi prezidentlar qanday tarzda joyini bo‘shatib qo‘yishga majbur bo‘lgan? Hammasini boshidan ko‘rib chiqamiz.
Sadir Japarovning hokimyat tepasiga kelishi
2020 yil oktyabr oyida Qirg‘izistonda yuz bergan siyosiy voqealar mamlakat tarixidagi eng keskin burilishlardan biriga aylandi. Parlament saylovlari bilan boshlangan noroziliklar qisqa vaqt ichida ommaviy tartibsizliklarga, prezident saroyining egallanishiga va hokimiyat almashuviga olib keldi. Eng e’tiborlisi – o‘sha paytda qamoqda bo‘lgan siyosatchi Sadir Japarov bir necha hafta ichida mamlakat rahbariga aylandi.
2020 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Rasmiy natijalarga ko‘ra, 16 partiyadan faqat 4 tasi 7 foizlik to‘siqdan o‘ta oldi. G‘olib partiyalar amaldagi prezident Sooronbay Jeenbekovga yaqin kuchlar sifatida baholandi.
Natijalardan norozi bo‘lgan siyosiy kuchlar va ularning tarafdorlari 5-oktyabrdan boshlab poytaxt Bishkekdagi Ala-Too maydoniga chiqdi. Namoyishlar tezda kengaydi. 6 oktyabrga o‘tar kechasi protestchilar Prezident administratsiyasi va parlament joylashgan “Oq uy” binosini egalladi. To‘qnashuvlarda bir necha o‘nlab kishilar halok bo‘ldi, yuzlab kishilar turli darajada jarohat oldi.
Namoyishlardan qo‘rqib ketgan Markaziy saylov komissiyasi bosim ostida saylov natijalarini bekor qildi. Oqibatda mamlakatda siyosiy bo‘shliq yuzaga keldi. Vaziyatni xalqaro jamiyat kuzatib turardi.
Noroziliklar davomida namoyishchilar qamoqxonalarga ham bostirib kirib, bir nechta siyosiy mahbuslarni ozod qildi. Ular orasida 7 yildan beri qamoqxonada mahbus bo‘lib o‘tirgan Sadir Japarov ham bor edi.
Japarov 2013 yilda Issiqko‘l viloyatida gubernatorni garovga olish bilan bog‘liq ish bo‘yicha 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ozodlikka chiqqach, uning tarafdorlari tezda siyosiy maydonda faollashdi.
Bir necha kun ichida Japarov bosh vazir etib tayinlandi. Oradan ko‘p o‘tmay Prezident Jeenbekov iste’foga chiqdi. Konstitutsiyaga ko‘ra prezident vakolati parlament spikeriga o‘tishi kerak edi, biroq spiker lavozimni qabul qilmadi. Natijada hokimiyat bosh vazir Japarov qo‘liga o‘tdi.
Qirg‘izistonda Rossiyaning Kant harbiy bazasi mavjud bo‘lsa-da, u voqealar vaqtida ichki siyosiy jarayonga aralashmadi. Kreml voqealarni “Qirg‘izistonning ichki ishi” deb baholadi va barcha siyosiy kuchlarni konstitutsiyaviy doirada murosaga chaqirdi. Moskva dastlab ehtiyotkor pozitsiya tutdi. Kreml Japarovni darhol ochiq qo‘llab-quvvatlamadi, biroq qarshilik ham bildirmadi.
Japarov hokimiyatni egallagach, Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Unda Qirg‘izistonda siyosiy barqarorlikni tiklash, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik masalalari muhokama qilingan. Bu muloqot Japarov uchun muhim signal edi: Moskva uni de-fakto rahbar sifatida qabul qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 2020 yil dekabr oyida Japarov Rossiyaga tashrif buyurdi. Bu uning prezident vazifasini bajaruvchi sifatidagi eng muhim xalqaro uchrashuvlaridan biri bo‘ldi. Mazkur tashrif orqali Rossiya Qirg‘izistondagi hokimiyat almashuvini qabul qilganini amalda namoyish etdi. 2021 yil yanvar oyida o‘tkazilgan muddatidan oldin prezidentlik saylovida Sadir Japarov katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi.
Shu bilan birga, referendum o‘tkazilib, Qirg‘iziston boshqaruv tizimi parlament respublikasidan prezidentlik respublikasiga o‘zgartirildi. Prezident vakolatlari sezilarli darajada kengaydi, parlament deputatlari soni qisqartirildi, hukumat tuzilmasi markazlashtirildi.
Bu o‘zgarishlar tarafdorlar tomonidan “barqarorlik uchun zarur qadam” sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, tanqidchilar uni hokimiyatning haddan tashqari markazlashuvi deb baholadi. Sadir Japarovning qamoqdan prezidentlikka qadar bo‘lgan yo‘li Markaziy Osiyo siyosiy tarixida kam uchraydigan hodisalardan biri bo‘ldi. Uning qamoqdan chiqarilishi va davlat rahbari lavozimiga o‘tirilishida Qamchibek Tashiyev asosiy ishlarni bajargani, tashabbuskor bo‘lgani aytiladi. 2021 yildagi konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan keyin prezident vakolatlari kengaydi. Amalda esa siyosiy qarorlar prezident atrofida jamlandi, xavfsizlik bloki esa mustahkam tayanchga aylandi. Natijada Qirg‘iziston parlament respublikasidan kuchli prezidentlik modeliga o‘tdi.
Qirg‘iziston siyosatida so‘nggi yillarda eng muhim va ta’sirchan juftliklar Prezident Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev tandemi bo‘ldi. 2020 yilgi siyosiy inqirozdan keyin aynan shu ikki shaxs mamlakatdagi yangi hokimiyat arxitekturasini shakllantirdi. Japarov va Tashiyev uzoq yillik siyosiy hamkorlar. Ular 2000 yillardan buyon millatchilik ruhidagi siyosiy kuchlar safida birga faoliyat yuritgan. 2010-yilgi inqilobdan keyin ham ular bir blokda harakat qilgan.
2013 yilda yuz bergan Issiqko‘l voqealari ortidan har ikki siyosatchi jinoiy javobgarlikka tortildi. Japarov qamoqqa tushdi, Tashiyev esa siyosiy bosim ostida qoldi. 2020 yil oktyabr voqealari ularning siyosiy qaytishini ta’minladi. Noroziliklar ortidan Japarov bosh vazir, keyin prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. Shu paytda Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari etib tayinlandi.
Shundan keyin Qirg‘izistonda amalda ikki tayanch ustunga asoslangan boshqaruv modeli shakllandi. Japarov — siyosiy va strategik qarorlar markazi, Tashiyev esa xavfsizlik va kuch tizimlari ustidan nazoratni qo‘lga oldi. Go‘yo mamlakatni ikkisi boshqarayotgandek.
Qamchibek Tashiyev siyosiy faolligi va qudrati tufayli mamlakatda nufuzi oshib ketdi. Ko‘pchilik Tashiyevni bo‘lajak Prezident sifatida ko‘ra boshlagandi. Qirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari boshlanar ekan, ayrim kuchlar amaldagi prezident Japarovdan zerikib Tashiyevga xayrixohlik bildirayotganini yashirmadi. Hatto Qamchibek Tashiyev nomi ostida Jogorku Kenesh deputatlari, jamoat arboblari va ziyolilarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni turli harakatlarga undagan.
Muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazish bo‘yicha 75 kishi, turli amaldorlar, sobiq deputatlar, parlament vakillari va ijtimoiy-siyosiy faollar ommaviy taklif tashabbuskoriga aylandi. Buni vaqtida payqab qolgan Japarov Tezda siyosat maydonidagi figuralarni joyini almashtirdi. Tashabbuskorlar esa tergovga jalb qilindi.
Japarov o‘ziga eng katta raqib deb ko‘rilayotgan Tashiyevni ishdan oldi. Lekin mamlakat tarixidagi prezidentlik taxti egallanishlariga nazar tashlasak, Japarov 9 yillik qamoqdan keyin ham prezident bo‘lganini hisobga oladigan bo‘lsak Tashiyevning ishdan ketishi “maqsadni” o‘zgartira olmasligi mumkin. Bunga yana bir nechta misollarni rahbarlar taqdiri orqali ko‘rsatish mumkin
Asqar Akayev
Qirg‘izistonning birinchi prezidenti, respublikaning hozirgi Chuy viloyatida tug‘ilgan Asqar Akayev mamlakatni 15 yil davomida boshqargan. U birinchi marta 1990 yil 27 oktyabrda respublika Oliy Kengashi tomonidan Prezident etib saylandi. Keyinchalik u umummilliy to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlar davomida uch marta (1991, 1995 va 2000) eng yuqori davlat lavozimiga qayta saylandi. 2005 yil boshida Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijalari bilan muxolifat 10% dan kam o‘rinlarni egalladi va ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar nafaqat ovoz berish natijalarini bekor qilishni, balki respublika Prezidenti Asqar Akayevning iste’fosini ham talab qilishdi. 24 mart kuni Bishkekda namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashgan. Muxolifat Hukumat uyiga bostirib kirdi va shu kuni Asqar Akayev respublikani tark etdi. 4 aprel kuni u Moskvada bo‘lganida, 5 apreldan boshlab Qirg‘iziston Prezidenti lavozimini tark etish to‘g‘risida rasmiy bayonot berdi. 11 aprel kuni Jo‘qorg‘u Kenesh deputatlari Akayevning iste’fosini ma’qulladilar. Xuddi shu kuni, Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Qurmanbek Bakiyevning qarori bilan sobiq prezidentning oilasi daxlsizlik huquqidan va uning o‘zi esa respublika qonunchiligiga muvofiq berilgan imtiyozlarning bir qismidan mahrum qilindi.
2010 yil 13 avgustda Qirg‘iziston hukumatining qarori bilan Asqar Akayev daxlsizlik maqomidan va mamlakatning sobiq prezidenti unvonidan mahrum qilindi. 2005 yildan beri Qirg‘izistonning sobiq rahbari Moskvada yashagan va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. 2006 yildan – Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi. U Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti kompleks tizimlarini matematik tadqiqotlar institutining yetakchi ilmiy xodimi. Rossiya Fanlar akademiyasi Markaziy iqtisodiyot va matematika institutining bosh ilmiy xodimi.
Qurmanbek Bakiyev (2005-2010)
Qirg‘iz muxolifati rahbarlaridan biri bo‘lgan Qurmanbek Bakiyev respublikani 2005 yildagi “Lola inqilobi”dan va Asqar Akayevning ag‘darilishidan keyin o‘z qo‘liga oldi.
U 2005 yil 10 iyulda Prezident etib saylangan (2009 yilda qayta saylangan). 2010 yil 7 aprelda davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatga Roza Otunbayeva boshchiligidagi muxolifat tomonidan tuzilgan yangi muvaqqat hukumat keldi. Qurmanbek Bakiyev Bishkekdan janubda, Jalolobod viloyati hududidagi ota-bobolari qishlog‘ida yashiringan. Bir necha kundan keyin u Qozog‘istonga uchib ketdi, u yerdan 16 aprelda vaqtinchalik hukumatga davlat rahbari lavozimidan ketishi to‘g‘risida bayonot yubordi. Bir necha kundan keyin Bakiyev Belarusga yo‘l oldi, u yerda Belarusda hali ham yashaydi va ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra fuqarolikni olgan.
2010 yil 4 mayda muvaqqat hukumatning qarori bilan Qurmanbek Bakiyev sobiq davlat rahbari maqomidan va daxlsizlik huquqidan mahrum qilindi. 8 may kuni u Qirg‘iziston hukumati tomonidan qidiruvga berilgan. Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi bir necha bor Bakiyevni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida Minskka so‘rov yuborgan, ammo rad etilgan.
Mamlakatda sobiq prezidentga bir nechta ayblovlar qo‘yilgan. 2013 yil fevral oyida u mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanib, sirtdan 24 yillik qamoq jazosiga, 2014 yil aprelda – Britaniyaning Oxus Gold kon kompaniyasi rahbari Shon Deylini o‘ldirishga urinishda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2014 yil iyulda – 2010 yil 7 aprelda Bishkekda muxolifat mitingini otishni uyushtirgani uchun mol-mulki musodara qilinib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan.
2017 yil dekabrda – qishloq xo‘jaligi yerlarini uy-joy qurish uchun mo‘ljallangan uchastkalarga noqonuniy aylantirganlik uchun 10 yil qamoq jazosiga tayinlangan.
Roza Otunbayeva (2010-2011)
Roza Isakovna Otunbayeva siyosatchi va diplomat bo‘lib, u 2010–2011 yillarda Qirg‘iziston prezidenti sifatida xizmat qilgan. U nafaqat mamlakat tarixida, balki Markaziy Osiyoda birinchi ayol davlat rahbari bo‘lgan. Otunbayeva siyosiy va diplomatik faoliyatda uzoq yillar ishlagan. U Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan va Turkiya, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlarda elchi sifatida xizmat qilgan. Shu bilan birga, u davlat boshqaruvi va xalqaro diplomatiyada katta tajribaga ega siyosatchi sifatida tanilgan.
Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida u 2010 yil 7 apreldan ish boshladi. Rasmiy ravishda esa 2010-yil 3 iyulda prezident etib qasamyod qildi. Uning prezidentlik muddati 2011 yil 1 dekabrgacha davom etdi.Bu vaqt mobaynida Otunbayeva Qirg‘izistonda siyosiy o‘tish davrini boshqardi, shu jumladan yangi konstitutsiya qabul qilinishida ishtirok etdi va mamlakatni parlament tizimiga o‘tkazish jarayonini boshqardi.
2011 yilda prezidentlikdan chiqib ketganidan keyin Otunbayeva xalqaro diplomatiyada faol bo‘lib, BMT missiyalarida ham muhim rollarda ishlagan.
Almazbek Atamboyev (2010-2017)
Qirg‘izistonning shimoliy Chuy viloyatida tug‘ilgan Almazbek Atamboyev 2011 yil 30 oktyabrda Prezident etib saylangan. U olti yil davomida hokimiyatda bo‘lgan va konstitutsiyaga binoan yangi Prezidentlik muddatiga nomzodini ko‘rsata olmagan. 2017 yilda Atamboyev o‘z xohishi bilan iste’foga chiqqan birinchi davlat rahbari bo‘ldi. Shu bilan birga, u Prezident lavozimiga mamlakat Bosh vaziri janublik Sooronbay Jeenbekovni nomzodini ilgari surishni tavsiya qildi. O‘z navbatida Jeenbekov saylov kampaniyasi davomida bir necha bor g‘olib bo‘lgan taqdirda Atamboyev siyosatini davom ettirishini aytib va’da berdi.
2018 yil bahorda saylovlardan keyin, siyosatchilar orasidagi munosabat keskinlashdi. Atamboyev Prezident va uning atrofidagilarni klanlashish va korrupsiyada aybladi. Bunga javoban Sooronbay Jeenbekov sobiq Prezident davrida yuqori lavozimga tayinlangan asli shimoldan bo‘lgan bir qancha amaldorlarni iste’foga chiqardi.
2019 yil iyun oyida deputatlar Atamboyevga qarshi bir qator ayblovlarni ilgari surdi. Ularning orasida korrupsiya ham bor edi. Oxir-oqibat Atamboyev sobiq Prezident maqomi va daxlsizlikdan mahrum qilindi. Sobiq davlat rahbari Chu viloyatidagi qishlog‘i Qo‘y-Toshdagi uyiga yashirindi. IIV Tergov xizmati Atamboyevga jinoiy ishlardan birida guvoh sifatida ko‘rsatma berishi uchun uch marta ogohlantirish berdi. Biroq u so‘roqqa bormadi. 2019 yil 8 avgustda Almazbek Atamboyev deyarli bir sutka davom etgan maxsus operatsiya natijasida qo‘lga olindi. Sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatdi, maxsus xizmat zobiti operatsiya vaqtida vafot etdi. Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Atamboyev xavfsizlik kuchlariga qurolli qarshilik ko‘rsatish orqali Konstitutsiyani buzganini aytdi.
Sobiq Prezident bir qator jinoyatlar, jumladan, korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, odam o‘ldirish, odamlarni garovga olish va boshqalarda abylandi. 2020 yil 23 iyunda Bishkek shahrining Pervomay tuman sudi uni jinoiy avtoritet Aziz Batukayevni qamoqdan ozod qilish ishi bo‘yicha mol-mulkini musodara qilgan holda 11 yil ikki oyga ozodlikdan mahrum qildi. Atamboyev Bishkekda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasida saqlanayotgandi. Qirg‘izistonda parlament saylovlari natijasiga qarshi namoyishlar boshlangach 2020 yil 6 oktyabr kuni kechasi tarafdorlari tomonidan ozod qilindi. 9 oktyabr kuni amaldagi hokimiyatga qarshi Bishkekdagi mitingda ishtirok etdi. 10 oktyabr kuni qirg‘iziston poytaxtida tartibsizliklar uyushtirishda ayblanib, yana hibsga olindi.
Sooronbay Jeenbekov (2017-2020)
Sooronbay Jeenbekov Qirg‘izistonni uch yil davomida boshqardi. U 2017 yil 15 oktyabrda Almazbek Atamboyev va uning Sotsial-demokratik partiyasi ko‘magida saylangan. 2020 yil 5 oktyabrda Qirg‘iziston poytaxtida parlament saylovlari natijalariga qarshi miting boshlandi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, ko‘pchilik o‘rinlarni Hukumatga yaqin “Birimdik” (Birlik) va “Mekenik Qirg‘iziston” (Vatanim Qirg‘iziston) partiyalari egallagandi. Norozilik harakati politsiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi, davlat muassasalari egallab olindi va nomi qoralangan bir qator siyosatchilar, jumladan Almazbek Atamboyev ozod qilindi. 6 oktyabr kuni MSK saylov natijalarini bekor qildi. Muxolifat bosimi ostida 15 oktyabr kuni Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov natijalari bekor qilingani va Hukumat iste’foga chiqarilganiga qaramay, mamlakatda vaziyat murakkaligicha qolgan. Jeenbekov Qirg‘iziston tarixida qon to‘kkan va o‘z fuqarolariga o‘q uzgan Prezident sifatida qolishni istamaganini aytib o‘tdi. U muxolifat yetakchilaridan bo‘lgan yangi Bosh vazir Sadir Japarovni Bishkekda vaziyatni normallashtirish uchun choralar ko‘rishga chaqirdi.
Hozir vaziyat qanday?
Bugunning muhokamasiga yana qaytamiz. Tashiyev o‘zini nafaqat xavfsizlik bo‘yicha boshqaruvchi, balki prezident administratsiyasining “ichki yuz”i sifatida ko‘rsatayotgan edi. U keng vakolatlarga ega bo‘lgan MXDQni boshqarar, ommaviy axborot vositalarida qatnashar va davlatning ichki tartibini saqlash bo‘yicha boshlang‘ich qarorlarni himoya qilardi.
Tashiyevning ishdan olinishi rasmiy bayonotda “jamiyatda bo‘linishning oldini olish va milliy birlikni mustahkamlash uchun qabul qilinganligi aytilgan. Bu tozalash fonida, MXDQ tarkibi ham tubdan o‘zgarmoqda. Chegara xizmati mustaqil agentlik sifatida ajratildi, davlat qo‘riqlash xizmati bevosita prezident tasarrufiga o‘tkazildi.
Hozircha Qirg‘izistonda vaziyat qanday tus olishi noaniq. Bu ichki ziddiyatlar odatda ag‘darish bilan tugaydi. Buni yaxshi bilgan Japarov konstitutsion sudga murojaat qildi. Ushbu taqdimnoma Konstitutsiyaviy sud tomonidan 17 fevral kuni yozma shaklda birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.