Tashiyev ishi bo‘yicha sud qoldirildi
Olam
−
21 may 3635 2 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning ishi bo‘yicha sud jarayoni ayblanuvchilarning bir qismi ish materiallari bilan tanishishga ulgurmagani sababli qoldirildi. Bu haqda advokat Ikromiddin Aytqulov ma’lum qildi.
Yuristning so‘zlariga ko‘ra, majlis bir vaqtning o‘zida bir nechta sabablarga ko‘ra ko‘chirilgan. Xususan, ayrim ayblanuvchilar hozircha jinoyat ishi materiallari bilan tanishib chiqishga ulgurmagan.
Bundan tashqari, himoya tomoni mavjud dalillar bo‘yicha tergov qarorlari ustidan Bishkek shahar sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan.
“Shahar sudi shikoyat bo‘yicha qaror chiqarganidan keyin, sud jarayoni Bishkekning Birinchi may tuman sudida davom etadi. Qamchibek Tashiyev sud majlislarida ishtirok etadi”, deydi advokat.
Uning eslatishicha, MXDQ sobiq rahbari hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va xizmat mavqeini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.
Jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun allaqachon Bishkek shahar Birinchi may tuman sudiga oshirilgan. Ish bo‘yicha Tashiyev bilan birgalikda yana yetti nafar ayblanuvchi bor. Shu bilan birga, advokatning aytishicha, ish materiallari maxfiylashtirilgan. Shu sababli sud majlislari yopiq tartibda bo‘lib o‘tadi, tergov va sud ma’lumotlarini oshkor qilish esa taqiqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston MXDQ raisi lavozimidan ozod etilgan edi. Uning o‘zi bu bo‘shatilishni kutmaganini bayon qilgan. O‘z navbatida mamlakat Prezidenti Qamchibek Tashiyev hech qachon davlat xizmatiga qaytmasligini ma’lum qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay Jogorku Kenesh deputati Elvira Surabaldiyeva o‘z intervyusida Qirg‘iziston MXDQ sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinish tashkil qilgani uchun ishdan bo‘shatilganini iddao qildi.
Shundan so‘ng Tashiyev qirg‘izistonliklarga murojaat qilib, ularni norozilik namoyishlaridan tiyilishga chaqirdi. Shuningdek, ushbu ishda Tashiyev bilan birga sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev va parlament sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek uulu ham sherik sifatida ishtirok etayotgani ma’lum bo‘ldi. Ammo ular aynan nimada ayblanayotgani hozircha noma’lum. Aprel oyi oxirida Qirg‘izistonda Tashiyevga rasman ayblov e’lon qilingan edi.
Live
Barchasi