Rossiyada musulmonlar idorasining ikki muftiysi hibsga olindi

Olam

image

Rossiyada musulmonlar diniy boshqarmasining ikki muftiysi hibsga olindi. Ulardan biri poraxo‘rlikda, ikkinchisi politsiyaga bo‘ysunmaslikda gumon qilinmoqda. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.

Mordoviya muftiysi Rail Asainov va Kareliyaning sobiq muftiysi Imom Visam Ali Bardvil hibsga olingani rasman tasdiqlandi. Birinchisiga jinoiy ish, ikkinchisi esa ma’muriy ayblovlar qo‘zg‘atilgan. Boshqa musulmon diniy arboblarining hibsga olingani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi. Qo‘lga olinganlar ko‘proq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Hibsga olishlar haqida dastlab o‘zini siyosatshunos va xalqaro munosabatlar tahlilchisi deb tanishtiruvchi bloger Orxan Hasanzade xabar berdi. U 19 may kuni Telegram’dagi kanalida Rossiyaning turli hududlarida musulmon diniy vakillari va faollariga qarshi reydlar o‘tkazilganini yozgan.

Uning da’vosiga ko‘ra, Saransk shahrida Rail Asaynov hamda Mordoviya musulmon jamoasining besh nafar faol a’zosi hibsga olingan. Moskvada esa Janubiy Butovo masjidi imomi va Kareliyaning sobiq muftiysi Visam Ali Bardvil qo‘lga olingani aytilmoqda.

Shuningdek, Sankt-Peterburgda avval dinlararo adovat qo‘zg‘ashda ayblangan musulmon voizi Muhammad Xenni, Saratovda esa viloyat muftiysi o‘rinbosari, falastinlik Nidal al-Hix ushlangani haqida xabarlar tarqalgan.

Bu ma’lumotlar keyinchalik rossiyalik harbiy muxbir Dmitriy Steshin hamda teleboshlovchi Ruslan Ostashko tomonidan ham tarqatildi. Ostashko hibsga olingan ayrim diniy vakillar “Musulmon birodarlar” va xorijiy tashkilotlar bilan aloqador bo‘lganini da’vo qilgan. Biroq hozircha bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.

Oradan bir kun o‘tib, 20 may kuni ayrim hibslar haqidagi ma’lumotlar tasdiqlandi. Moskvaning Taganskiy tuman sudi Kareliyaning sobiq muftiysi va Janubiy Butovo masjidi imomi Visam Ali Bardvilni politsiya talabiga bo‘ysunmagani uchun 15 sutkalik ma’muriy qamoqqa hukm qilganini ma’lum qildi. Rossiya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Bardvil 14 may kuni Sheremetevo aeroportida politsiyaga pasportni ko‘rsatishdan bosh tortgan va qochishga uringan. Huquq-tartibot xodimlari uni xizmat avtomobiliga olib chiqayotganida esa qarshilik ko‘rsatgani aytilmoqda.

Shuningdek, Mordoviya muftiysi o‘rinbosari Rashit Abdrashitov muftiy Rail Assainovning poraxo‘rlik ishi bo‘yicha hibsga olinganini tasdiqladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Assainov Mordoviya davlat universitetidagi Islom iqtisodiyoti va moliyasi magistratura dasturi rahbariga talabalar imtihondan muvaffaqiyatli o‘tishi uchun pora taklif qilganlikda gumon qilinmoqda. Muftiyat vakili esa bu holatni “tushunmovchilik” deb atab, poraxo‘rlik bo‘lishi mumkin emasligini bildirgan.

Bundan tashqari, 2024 yilda Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi diniy ko‘pxotinlikka ruxsat beruvchi fatvo chiqargani ortidan ham keskin tanqidlar yuzaga kelgan. Rossiya Bosh prokuraturasi tashkilotni qaror noqonuniy ekani haqida ogohlantirgach, diniy boshqarma mazkur fatvoni bekor qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya muftiy hibs

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing