Rossiya Belarusga yadroviy o‘q-dorilarini yetkazib berdi (video)

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirligi yadroviy mashg‘ulotlar doirasida Belarusdagi raketa brigadasining dala punktlariga maxsus o‘q-dorilar yetkazib berdi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi e’lon qilgan videoda harbiy yuk mashinalari o‘rmon va tuproq yo‘llar orqali harakatlanayotgani, keyin esa momaqaldiroq vaqtida yuklar tushirilayotgani aks etgan. So‘nggi kadrlarda “Iskander” tezkor-taktik raketa majmuasi ham ko‘rsatilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, harbiylar “maxsus o‘q-dorilarni qabul qilish bo‘yicha o‘quv-jangovar vazifalarni bajarmoqda”. Shuningdek, “Iskander-M” majmualari maxsus raketalar bilan jihozlanib, uchirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun belgilangan hududlarga yuborilgan.

Avvalroq, Rossiya yadro kuchlarini tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishini bildirgan. Mashg‘ulotlar davomida Belarus hududida joylashtirilgan yadro qurolidan qanday foydalanish bo‘yicha amaliy mashqlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Belarus Mudofaa vazirligi ham 18 maydan boshlab yadro qurolini jangovar qo‘llash bo‘linmalari ishtirokida mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda.

Rossiya bungacha Belarus hududiga taktik yadro qurollarini joylashtirganini ma’lum qilgan. Bunday qurollar jang maydonida yoki uzoq masofadagi nishonlarga cheklangan yadro zarbasi berishda qo‘llanishi mumkin. Shuningdek, Rossiya Belarusga ushbu qurollarni tashuvchi “Iskander” majmualarini ham topshirgan.

Hojiakbar Muhammadjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Belarus' o'q-dori yadroviy mashg'ulot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing