Qirg‘izistonlik deputat Sooronbay Jeenbekovdan Qo‘y-Tosh voqealari uchun javob berishni talab qildi
Olam
−
10 avgust 2023
8230Qirg‘iziston Jo‘qorg‘u Kenesh deputati Seyid Atamboyev mamlakat sobiq prezidenti Sooronbay Jeenbekovning 2019 yil 7-8 avgust kunlari sodir bo‘lgan Qo‘y-Tosh voqealari uchun javobgarlikka tortilishini talab qilmoqda. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 7-8 avgust kunlari xavfsizlik kuchlari sobiq prezident Almazbek Atamboyevning uyiga bostirib kirishgan. U qonundagi o‘g‘ri Aziz Batuqayevning noqonuniy ozod etilishi ishi bo‘yicha Ichki ishlar vazirligiga tergovga borishga majburlangan.
“Bugun Qo‘y-Tosh voqealariga 4 yil to‘ldi. Sud jarayoni hali ham davom etmoqda. Biz sudning adolatli qarorini kutamiz. Sooronbay Jeenbekov va uning ukasi Asilbek Jeenbekovning jinoyatlarini unutmaymiz”, deydi Seyid Atamboyev.
Bundan tashqari, u pandemiya davrida qancha fuqarolar halok bo‘lganini, hammasi Jeenbekovlar hukumatining e’tiborsizligi tufayli sodir bo‘lganini yozgan.
Ma’lumot uchun, Almazbek Atamboyev davrida Bosh vazir bo‘lgan Sooronbay Jeenbekov 2017-2020 yillarda mamlakat Prezidenti lavozimini egalladi va u boshqaruvga keliboq Atamboyevni qamoqqa tashladi.
Almazbek Atamboyev va Sooranbay Jeenbekov 2017 yili o‘tgan prezidentlik saylovigacha yaqin do‘st bo‘lishgan. Biroq, Jeenbekov Prezident bo‘lganidan keyin o‘rtada janjal chiqqan.
Kelishmovchilikdan keyin Atamboyev bir necha marta Jeenbekov nomiga tanqidiy fikrlarni aytgan. Atamboyev Jeenbekovga prezidentlik lavozimiga kelishga ham yordam berganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari o‘tkazilgandi. Ammo xalq uning natijasidan norozi bo‘lib, namoyish uyushtirdi. Oqibatda mamlakatda tartibsizlik va talonchilik avj oldi.
Namoyishlar ortidan mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov va Prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqdi.
Qo‘y-Tosh voqealariga kelsak, bu voqea 2019 yilning 7-8 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan. Gap shundaki, mamlakat maxsus xizmatlari sobiq prezident Almazbek Atamboyevni poytaxt Bishkekdan 20 kilometr masofada joylashgan Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida ushlash bo‘yicha operatsiya o‘tkazgan edi. Huquq-tartibot organlari va Atamboyev tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davomida maxsus xizmatning bir zobiti halok bo‘lgan, 136 kishi tan jarohati olgan.
LiveBarchasi