Sobiq prezident barcha davlat mukofotlaridan mahrum etildi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev barcha davlat mukofotlaridan mahrum etildi. Bu haqdagi farmonni bugun, 29 dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov imzoladi. 

Ma’lum qilinishicha, Japarov Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudi 3 iyundagi hukmini ijro etish maqsadida ushbu farmonni imzolagan. 

Farmon Qirg‘iziston Respublikasining “Davlat mukofotlari, faxriy unvonlari to‘g‘risida”gi qonunining 27-moddasi 1, 2 va 4-qismlari hamda Qirg‘iziston Konstitutsiyasining 71-moddasiga muvofiq qabul qilingan.

Unga ko‘ra, Almazbek Atamboyev Qirg‘iziston Respublikasining quyidagi davlat mukofotlaridan mahrum etilgan:

Qirg‘iziston Respublikasining eng oliy mukofoti – “Qirg‘iz Respublikasining Qahramoni” unvoni, “Manas” ordenining II darajasi, “Danaker” ordeni va “Dank” medali.

Shuningdek, Atamboyevni ushbu mukofotlar bilan taqdirlashga oid bir qator prezident farmonlari haqiqiy emas deb topilgan. Jumladan, 1999 yil 22 apreldagi “Dank” medali bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmon, 2007 yil 27 noyabrdagi “Danaker” ordeni bilan taqdirlash haqidagi farmon, 2011 yil 30 noyabrdagi davlat va jamoat arboblarini mukofotlashga oid farmonning tegishli bandi hamda 2017 yil 27 noyabrdagi “Qirg‘iz Respublikasining Qahramoni” unvonini berish to‘g‘risidagi farmon bekor qilingan.

Bosh prokuratura huzuridagi sud ijrochilari xizmatiga belgilangan tartibda Atambayevdan davlat mukofotlari va ularga oid hujjatlarni olib qo‘yib, keyinchalik davlat mukofotlari fondiga topshirish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Mazkur farmon imzolangan kundan boshlab kuchga kirgan.

Atamboyevning hibsga olinishi

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yil 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan. 

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yilu 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi.

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Sobiq prezident ozodlikka chiqqanidan keyin davolanish uchun Ispaniyaga ketdi. Hozirda ham u Qirg‘izistondan tashqarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berar ekan, uni afv etishga tayyorligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Almazbek Atamboev Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing