Japarov sobiq prezidentni afv etishga tayyorligini aytdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berar ekan, uni afv etishga tayyorligini aytdi. Bu haqda u “Kabar” milliy agentligiga bergan navbatdagi intervyusida so‘z ochdi.

Sadir Japarov sud qarorlariga aralashmaganini va aralashmasligini ta’kidlab, “Sudning qarori qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, unga bo‘ysunish kerak” dedi.

“Qabul qilingan qarorni noqonuniy deb hisoblasangiz, yuqori idoralarga murojaat qiling, Oliy sud bunga chek qo‘ysin. Sud qarorini hech kim o‘zgartira olmaydi. Mening ham bunga haqqim yo‘q”, dedi u.

Shu bilan birga, prezident Almazbek Atamboyev mamlakatga qaytgan taqdirda hibsga olinadimi yoki yo‘qligi haqida gapirar ekan, uning afv etish huquqi borligini eslatdi.

“Agar u ariza bersa, uni afv etishim mumkin. Qo‘y-Tosh voqealaridan beri olti yil o‘tdi. Ehtiroslar allaqachon so‘ndi. Menimcha, sudlar unchalik qattiqqo‘l bo‘lmagan bo‘lardi. Albatta, bu mening sudlarga yuklayotgan fikrim emas, balki mening shaxsiy, fuqarolik fikrim. Menimcha, ular faqat sinov muddati yoki jarima bilan cheklansa yaxshi bo‘lardi”, deya qo‘shimcha qildi Japarov.

3 iyun kuni Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi.

Almazbek Atambayev 2023 yilning fevralida sud tomonidan davolanish uchun qo‘yib yuborilgan. U Ispaniyaga uchib ketgan va shundan beri Qirg‘izistonga qaytmagan.

Atamboyevning hibsga olinishi

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yil 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan. 

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yilu 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi. 

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Sobiq prezident ozodlikka chiqqanidan keyin davolanish uchun Ispaniyaga ketdi. Hozirda ham u Qirg‘izistondan tashqarida.


Maqola muallifi

Teglar

Sud Almazbek Atamboev Sadir Japarov interv'yu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing