Sud sobiq prezidentga hukm chiqardi

Olam

image

Bugun, 3 iyun kuni Bishkek shahrining Pervomay tuman sudi Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni sirtdan qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Vesti.kg” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, xuddi shu paytning o‘zida sobiq prezident bilan yana bir necha kishiga hukm chiqarilgan.

Nashrga ko‘ra, sud jarayonida bir nechta epizodlar ko‘rib chiqilgan – 2019 avgust kunlari Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan hodisalar, shuningdek, o‘sha qishloqda yer uchastkalarini noqonuniy olib qo‘yish bilan bog‘liq holatlar.

Sud qaroriga ko‘ra, Almazbek Atamboyev aybdor deb topilib, 11 yil 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. Sud, shuningdek, sobiq prezidentning mol-mulki va uning davlat mukofotlarini musodara qilishni buyurgan.

Qolgan sudlanuvchilar 3 yildan 7 yilgacha muddatga hukm qilindi.

Atamboyevning hibsga olinishi

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yil 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. 

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan. 

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yilu 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi. 

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Sobiq prezident ozodlikka chiqqanidan keyin davolanish uchun Ispaniyaga ketdi. Hozirda ham u Qirg‘izistondan tashqarida.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Bishkek Almazbek Atamboev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing