Sobiq prezidentning Qo‘y-Toshdagi qarorgohi o‘rnida bolalar uyi qurilyapti
Olam
−
21:14 1955 2 daqiqa
Qirg‘izistonning sobiq prezident Almazbek Atamboyevning Qo‘y-Toshdagi qarorgohi hududida qariyalar uyi va bolalar uyi qurilmoqda. Bu haqda mamlakat rahbarining Ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Idora Almazbek Atamboyevning sobiq xonadonidagi qurilish ishlari haqida OAVda paydo bo‘lgan ma’lumotlarga javob qaytargan.
“Hudud musaffo havosi va osuda muhiti bo‘lgan xushmanzara go‘shada joylashgan. Bu yerda keksalar va bolalarning yashashi, hordiq chiqarishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Ikkala ob’ekt ham ijtimoiy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish yakunlangach, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha foydalaniladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, qurilish ishlari muayyan ijtimoiy maqsadga ega. Ushbu ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ma’lumotlar avvalroq jamoatchilikka yetkazilgan.
Ma’lumot uchun, Almazbek Sharshenovich Atamboyev – Qirg‘izistonning to‘rtinchi prezidenti (2011–2017 yillar) va mamlakat zamonaviy siyosiy tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan hamda ziddiyatli arboblardan biri. U 1956 yil 17 sentyabrda Chuy viloyatining Qoy-Tosh qishlog‘ida tug‘ilgan va Moskva boshqaruv institutini muhandis-iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Siyosiy faoliyatini 1993 yilda Qirg‘iziston Sotsial-demokratik partiyasiga (KSDP) asos solishdan boshlagan Atamboyev Askar Akayev va Qurmanbek Bakiyev boshqaruvi davrida asosiy muxolifat yetakchilaridan biri sifatida maydonga chiqqan hamda 2007 yilda va 2010 yilgi Aprel inqilobidan so‘ng Bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan. 2011 yilgi umumxalq saylovida g‘alaba qozonib prezidentlikka saylangach, u Tashqi siyosatda Rossiya bilan strategik va harbiy yaqinlashuv yo‘lini tanlagan. Uning davrida Bishkekdagi “Manas” tranzit tashuvlar markazidan AQSH harbiy bazasi chiqarib yuborilgan va mamlakat 2015 yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo bo‘lib kirgan.
2017 yilda Atamboyev o‘z muddati tugagach, hokimiyatni konstitutsiyaviy va tinch yo‘l bilan o‘z izdoshi Sooronbay Jeenbekovga topshirgan, bu esa Qirg‘iziston tarixida ilk marotaba oliy hokimiyatning tinch almashinuvi bo‘lib qayd etilgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Jeenbekov va Atamboyev o‘rtasida keskin siyosiy nizo yuzaga kelgan. Oqibatda sobiq prezident korrupsiyaviy jinoyatlarda ayblanib, sobiq davlat rahbari daxlsizligidan mahrum etilgan. 2019 yilning 7-8 avgust kunlari uning Qo‘y-Toshdagi qarorgohida o‘tkazilgan shturm va qonli to‘qnashuvlar bilan kechgan maxsus operatsiyadan so‘ng Atamboyev hibsga olingan. Unga nisbatan ochilgan bir qator jinoyat ishlari va uzoq muddatli sud jarayonlaridan so‘ng, 2023 yil fevralida Qirg‘iziston Oliy sudi ishlarni qayta ko‘rib chiqishga yuborgan va u qamoqxonadan ozod qilingan. Ozodlikka chiqqach, u davolanish uchun Ispaniyaga jo‘nab ketgan. Uning davlat tomonidan musodara qilingan Qo‘y-Toshdagi sobiq qarorgohi o‘rnida esa qariyalar va bolalar uyi qurilishi boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Almazbek Atamboyev barcha davlat mukofotlaridan mahrum etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi