Sobiq prezidentning o‘g‘li to‘rt yilga qamaldi

Olam

−

image

Bugun, 8 oktyabr kuni Bishkekning Birinchi may tuman sudi Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning o‘g‘li Qodirbek Atamboyevni ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ish yuzasidan mulkini musodara qilish bilan to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu ish bo‘yicha “Sotsial-demokratlar” partiyasi raisi Temirlan Sultonbekov ham mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Boshqa hukmlar hisobga olingan holda yakuniy muddat yetti yilni tashkil etgan. Ish bo‘yicha Jenish Abdraxmonov, Ermek Ermatov, Qubanichbek Kodirov va Serikbay Kubalanbek o‘g‘li ham ayblanuvchi sifatida o‘tgan.

Ma’lumot uchun, Qodirbek Atamboyev va boshqa figurantlar 2025 yil noyabr oyi oxirida qo‘lga olingan edi. Tergov talqiniga ko‘ra, ular muddatidan ilgari parlament saylovlaridan so‘ng ommaviy norozilik aksiyalariga tayyorlangan. Qirg‘iziston IIV jami o‘n kishi ushlanganini xabar qilgan edi.

Ishni ko‘rib chiqish 14 iyulda boshlangan va yopiq rejimda o‘tgan. Bir nechta ayblanuvchilar, jumladan, parlament sobiq deputati Shayloobek Atazov va prezidentning sobiq tansoqchisi Damir Musakeyevga nisbatan materiallar alohida ish yurituviga ajratilgan.

Mahkumning otasi Almazbek Atamboyev 2011 yildan 2017 yilgacha Qirg‘iziston prezidenti lavozimini egallagan. 2019 yil avgustida u Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohga qilingan va sobiq prezident tarafdorlari bilan to‘qnashuvlar bilan kechgan shturmdan so‘ng qo‘lga olingan.

2023 yilda sobiq davlat rahbari koloniyadan ozod qilindi va unga davolanish uchun xorijga chiqishga ruxsat berildi. 2025 yil iyunida Atamboyev yer uchastkalarini noqonuniy olish, noqonuniy boylik orttirish va Qo‘y-Toshdagi tartibsizliklarda ishtirok etish ishlari bo‘yicha sirtdan 11 yil-u olti oyga ozodlikdan mahrum etildi. O‘sha yilning dekabrida u davlat mukofotlaridan mahrum qilindi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Almazbek Atamboyevning Qo‘y-Toshdagi qarorgohi hududida qariyalar uyi va bolalar uyi qurilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing