Qirg‘izistonda Jeenbekovni sobiq prezident maqomidan mahrum qilish so‘ralmoqda
Olam
−
30 iyun 2023
8325Qirg‘izistonda mamlakatning Sadir Japarovdan avvalgi prezidenti Sooronbay Jeenbekovni Qirg‘izistonning sobiq prezidenti maqomidan mahrum qilish taklif qilinmoqda. Ushbu “iltifot” bilan parlament deputati Oqilbek Tumonboyev “Ozodlik” radiosiga bergan intervyusida so‘z ochgan.
Tashabbuskorning so‘zlariga ko‘ra, u allaqachon Sooronbay Jeenbekovning “Ala-Archa” davlat qarorgohida istiqomat qilishi, uning himoyasi va boshqa imtiyozlarini ta’minlash uchun davlat byudjetidan tushadigan xarajatlarni hisoblab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Shuningdek, Oqilbek Tumonboyev nafaqat Sooronbay Jeenbekovning o‘zi, balki uning oila a’zolari va yaqinlari ham imtiyozlardan foydalanishini qo‘shimcha qildi. U bu masalani Jo‘qorg‘u Keneshda ko‘tarishga va tegishli qonun loyihasini kiritishga va’da berdi. Deputat ushbu masalada amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovga ham murojaat qilmoqchi.
“Men bu odamdan sobiq prezident maqomini olib tashlashga harakat qilaman, chunki u bu maqomga loyiq emas”, deydi u.
Qayd etish kerakki, Oqilbek Tumonboyev Sadir Japarovning qudasi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.
Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi.
Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.
LiveBarchasi