Zelenskiy Janubiy Koreyadan qurol so‘radi
Olam
−
11 aprel 2022
11924Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 11 aprel kuni videoaloqa orqali Janubiy Koreya parlamenti deputatlariga murojaat qildi. U Janubiy Koreyadan Ukrainaga qurollar, jumladan, zirhli mashinalar va tankga qarshi qurollarni yetkazib berishni so‘radi.
“Sizda biz uchun almashtirib bo‘lmaydigan narsa bor. Sizda shunday zirhli texnikalar, havo hujumiga qarshi, kemaga qarshi va tankga qarshi qurollar bor”, degan Zelenskiy.
Unga ko‘ra, Janubiy Koreya Ukrainaga harbiy texnikasi bilan yordam berishi mumkin. Zelenskiyning nutqi Janubiy Koreya telekanallari orqali jonli efirda namoyish etilgan.
Ta’kidlanishicha, Ukraina oldin ham Janubiy Koreyadan qurol so‘ragan. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 8 aprel kuni Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov Janubiy Koreya Mudofaa vaziri So Uk bilan telefon orqali suhbatda undan mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimiga yordam berishni so‘ragan.
Avvalroq, Slovakiya o‘zidagi S-300 havo hujumidan mudofaa tizimlarini Ukrainaga bergani aytilgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi