Zelenskiy Ukrainaga kelayotgan Guterrishni tanqid qilib chiqdi
Olam
−
24 aprel 2022
23297Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Kiyevga tashrifini tasdiqlab, vaziyat bo‘yicha o‘z fikrini shakllantirish uchun unga Rossiyadan oldin Ukrainaga kelishini taklif qilganini aytdi. Bu haqda Zelenskiy matbuot anjumanida so‘z ochgan.
Zelenskiy BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishni tinchlikni qaytarish istagida avval Moskvaga, keyin esa Kiyevga borishga qaror qilgani uchun tanqid qilgan.
"Bu ketma-ketlikda mantiq yo‘q. Mantiq qo‘shilishi kerak. Va bu oddiy: agar siz bu urushni tugatmoqchi bo‘lsangiz, nima bo‘layotganini aniq bilishingiz kerak. Kutuzovskiy prospektida jasadlar yo‘q. Guterrish u yerda nimani ko‘rishni xohlaydi? Aslida u avvalo Ukrainaga tashrif buyurib, urushni ko‘rishi, keyin esa Rossiyaga borib, Putin bilan gaplashish mantiqan to‘g‘riroq bo‘lardi”, deydi Prezident.
Shuningdek, Zelenskiy Guterrish bilan bir necha bor shaxsiy uchrashuvlar o‘tkazganini aytib o‘tgan.
"Men unga Ukraina va Rossiya o‘rtasida muvozanatni saqlashning iloji yo‘qligini qat’iy aytdim. Biz BMT Bosh kotibidan 100 foiz qo‘llab-quvvatlashni kutamiz. Chunki 100 foiz haqiqat biz tomonda va bizda urush ketmoqda", deydi Ukraina rahbari.
Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish joriy yilning 26 aprel kuni Moskvaga boradi. So‘ngra, 28 aprel kuni Ukrainaga tashrif buyuradi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi