Zelenskiy Ukrainadagi urush dunyoga qanday xavf tug‘dirishini aytdi

Olam

image

Ukrainadagi urush dunyoning turli mamlakatlarida ocharchilikka olib kelishi mumkin. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Italiya parlamenti deputatlari qarshisida videoaloqa orqali so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.  

Zelenskiy ocharchilik Ukraina har doim eng yirik oziq-ovqat eksportchilaridan biri bo‘lgani sababli sodir bo‘lishi mumkinligini tushuntirgan.

“Qanday qilib biz Rossiyaning artilleriya o‘qlari ostida ekishimiz mumkin?”, degan u.

Siyosatchi italiyalik parlamentariylarni Rossiyaga qarshi Ukrainaga yordam berishga chaqirgan. Unga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina shaharlarini vayron qilish va tinch aholini yo‘q qilishda davom etmoqda. 

Ukraina rahbari bu urush oqibatlari tez orada butun dunyoda sezilishidan ogohlantirgan. 

“Rossiya qo‘shinlari uchun Ukraina u bostirishni xohlaydigan Yevropaga kirish eshigi, ammo vahshiylikka chek qo‘yish kerak”, deydi Zelenskiy. 

Avvalroq, Italiya Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik oligarxlarning umumiy qiymati 800 million yevrodan ortiq aktivlarini muzlatib qo‘ygani haqida xabar bergandik. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

50

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing