Zelenskiy Ukraina ko‘proq qanday qurollarga muhtojligini aytdi

Olam

image

Ukraina eng ko‘p zamonaviy havo mudofaa tizimlariga muhtoj. Bu harbiylarga Rossiya Ukraina aholi punktlariga hujum qilish uchun ishlatadigan raketalarning aksariyat qismini urib tushirish imkonini beradi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bayonotiga asoslanib, “RBK-Ukraina” xabar bermoqda. 

“Biz hamkorlarimizga yana va yana takrorlaymizki, Ukraina zamonaviy raketaga qarshi qurollarga muhtoj. Bizning davlatimiz hali bunga yetarlicha ega emas, lekin aynan bizning davlatimiz va hozir Yevropada bunday qurollarga eng katta ehtiyoj bor”, deydi Zelenskiy. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim davlatlar havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni kechiktirayotganini hech qanday bahona qilib bo‘lmaydi. 

Ukraina keng ko‘lamli bosqindan ancha oldin tegishli qurollarni so‘ragan, deya eslaydi u. 

Prezident bu hafta Kiyevni havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlay oladigan davlatlar vakillari bilan ko‘plab muzokaralar o‘tkazganini qo‘shimcha qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

8

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing