Zelenskiy Ukraina armiyasi urushda qancha qurbon berganini ochiqladi
Olam
−
16 aprel 2022 15657 3 daqiqa
Ukraina armiyasi Rossiyaning hujumi boshlanganidan beri 3000 ga yaqin odamini yo‘qotdi va 10 000 ga yaqin kishi yaralandi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy CNN telekanaliga ma’lum qildi.
U janub va sharqdagi “to‘sib qo‘yilgan” hududlardan ma’lumot yo‘qligiga ishora qilib, tinch aholi orasida qurbon bo‘lganlar sonini aytish qiyinligini ta’kidlagan.
“Qo‘shinlarimizga kelsak. Bizda mavjud bo‘lgan raqamlarga asoslanib, biz 2,5 mingdan 3 minggacha yo‘qotish bo‘lgan deb hisoblaymiz. Bu nisbatan. Bizda 10 mingga yaqin yarador bor. Ulardan qanchasi omon qolishini aytish qiyin”, degan Zelenskiy
Kiyev oxirgi marta yo‘qotishlar haqida joriy yilning 12 mart kuni ma’lum qilgan. O‘shanda Zelenskiy 1300 ga yaqin ukrainalik askarlar halok bo‘lganini aytgan.
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining mart oyi oxiridagi ma’lumotlariga ko‘ra, “maxsus operatsiya” boshlanganidan beri Ukraina armiyasi 14 mingdan ortiq odam yo‘qotgan va 16 mingga yaqin kishi yaralangan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi