Zelenskiy Rossiyaning Kiyevga zarba berish haqidagi tahdidlariga javob qaytardi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqinda Kiyevni o‘qqa tutish ehtimolini “e’lon qilgan” Rossiya Mudofaa vazirligi tahdidlariga munosabat bildirdi.

BBC bilan suhbatda Ukraina rahbari barcha tahdidlar jiddiy qabul qilinishini tan oldi, chunki ular qurbonlarning ortishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

“Biz Rossiya Federatsiyasi tahdidlarining hech biridan qo‘rqmaymiz. Biz Rossiya Federatsiyasining bizga tahdid solayotgan barcha qadamlariga javob berishimiz kerak”, degan Prezident.

Zelenskiy 2014 yildan beri Rossiya Ukraina hududlarini ko‘p bor okkupatsiya qilganini, Qrimni egallab olib, u azaldan ruslarga tegishli bo‘lganini aytib yurganini ta’kidlagan.

“Ular bizning hududimizga, masalan, Qrimga qarshi biror narsa bo‘lsa, raketa zarbalari bilan javob beramiz, deyishadi. Menda juda ko‘p savollar bor. 24 fevral kuni Rossiya qo‘shinlari Belarus hududidan raketa hujumlarini boshlaganida, bu nima edi? Ular nimani himoya qilishdi? Men unchalik tushunmayapman. Menimcha, ular ko‘pincha o‘z ko‘rsatmalarida chalkashib qolishadi”, deydi u.

Zelenskiy, shuningdek, Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Donetskda uyushtirilgan portlashlarni eslatib, bunda Ukraina ayblanganini qo‘shimcha qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya doimiy ravishda axborot provokatsiyalarini uyushtirmoqda. Xususan, uning askarlari bosib olingan shaharlar aholisini yig‘ib, ularga “Ukraina o‘qlari” haqida gapirib bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Mudofaa vazirligi, agar Ukraina qurolli kuchlari mamlakat hududida qo‘poruvchilik harakatlarini davom ettirsa, rus armiyasi Ukrainadagi “qaror qabul qilish markazlari”, jumladan Kiyevga zarba berishini ma’lum qilgandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

47

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing