Zelenskiy Rossiyaning qancha aktivi xatlanganini aytdi

Olam

image

Ukrainada Rossiyaning qariyb 765 million dollarlik aktivlari xatlangan. Yana 900 dan ortiq davlat aktivlari esa majburan musodara qilinishi rejalashtirilgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qildi.

“Bugun men sanksiya siyosati, Rossiya aktivlarini musodara qilish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdim. Rasmiylarning xabar qilishicha, Ukrainada 28 milliard grivna (765 million dollar) qiymatidagi aktivlar allaqachon hibsga olingan. Bu ish davom etmoqda. Yana 900 dan ortiq Rossiyaga tegishli ob’ektlarni musodara qilish taklif qilindi. Va agar biz nafaqat davlat, balki uning rezidentlari mulklari paketini ham baholasak, 36 ming mulk olib qo‘yilishi mumkin”, deydi Zelenskiy.

Aytish joizki, avvalroq, Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal Vazirlar Mahkamasi Prezidentga “Rossiya mulkining 903 ta ob’ekti”ni musodara qilishni taklif qilayotgani, shundan 79 tasi korporativ huquqlar, 824 tasi esa mulkiy ekanligini ma’lum qilgan.

Joriy yilning 1 aprel kuni Ukraina Oliy Radasi Rossiya fuqarolari va “u bilan chambarchas bog‘liq” shaxslarning, shuningdek Rossiya Federatsiyasining “maxsus harbiy operatsiyasi”ni qoralashdan bosh tortgan barcha shaxslarning mulkini milliylashtirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.

12 may kuni esa Rada Zelenskiyning Ukraina hududidagi Rossiya mulkini musodara qilish haqidagi farmonini tasdiqladi. Ukraina Adliya vaziri Denis Malyuska 20 iyun kuni rasmiylar yoz oxirida ommaviy musodara boshlashini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing