Zelenskiy Rossiya Ukrainaga olti oyda qancha raketa uchirganini aytdi
Olam
−
23 avgust 2022
7403Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyoti boshlanganidan keyin rus harbiylari mamlakatga 3500 taga yaqin qanotli raketa uchirgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy videomurojaatida aytib o‘tdi.
“Bosqinchilar Xarkovdagi turar-joy binosiga hujum qilgan joyda qidiruv ishlari yakunlandi. O‘tgan chorshanba kuni Rossiyaning o‘qqa tutilishi natijasida uy vayron bo‘lgan. Bugunga kelib vayronalar ostidan barcha o‘lganlarning jasadlarini olishga erishdik. Rossiyaning bitta zarbasi 19 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bir. Yurtimizning turli hududlarida yirtqich hayvonlarning bunday hujumlari esa 180 kundan beri to‘xtamayapti”, deydi davlat rahbari.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiylarining ukrainaga bergan artilleriya zarbalarini hisoblash chiqish imkonsiz.
“Rossiya bizga qarshi ishlatgan turli qanotli raketalarning umumiy soni allaqachon 3,5 mingtaga yaqinlashmoqda. Rossiya artilleriyasining zarbalarini sanab bo‘lmaydi – ular juda ko‘p, ular juda shiddatli”, deydi Zelenskiy.
Shu bilan birga Zelenskiy RF xalqaro tashkilotlar bilan o‘ynashda davom etayotganini, surbetlarcha Zaporoje AESda o‘zi uyushtirgan provokatsiyani muhokama qilish uchun BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirganini ta’kidlagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi.
LiveBarchasi