Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralardagi “qizil chiziq”ni aytdi
Olam
−
02 aprel 2022
13689Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan bo‘layotgan muzokaralarda mamlakatning hududiy yaxlitligi daxlsizligi masalasi “qizil chiziq” bo‘lib qolayotganini aytdi. Bu haqda u Amerika matbuotiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Biz hududimizni sotmaymiz. Hududiy yaxlitlik va suverenitet masalasi muhokama qilinmayapti”, deydi Ukraina rahbari.
Zelenskiy urushning tugash vaqtini oldindan aytish qiyinligini va bu “chuqur, og‘riqli masala” ekanligini aytib, Ukraina xalqi g‘alabadan boshqa hech qanday natijani qabul qilmasligini urg‘ulagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev dunyoning “yetakchi davlatlari”dan davlat xavfsizligini ta’minlovchi bitim tuzish masalasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha majburiyatlarni kutmoqda. Shuningdek, u Ukrainaning NATOga qo‘shilishi foydali bo‘lishiga ishonch bildirgan.
“NATO haqida gapirish biz uchun qiyin, chunki alyans bizni qabul qilmoqchi emas. Menimcha, bu xato, chunki biz NATOga kirsak, blokni ancha kuchliroq qilamiz. Biz kuchsiz davlat emasmiz. Biz NATOga bizni kuchliroq qilishni taklif qilmaymiz. Biz qo‘shimchamiz, biz lokomotivmiz”, deydi davlat rahbari.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan suhbatda Amerika Xavfsizlik kafolati shartnomasiga qo‘shilishini xohlashini aytgan, bu esa Rossiya Ukrainaga kelajakda ham bostirib kirish ehtimolini bartaraf etishda uzoq muddatli yordam beradi. Bayden AQSH bu taklifni ko‘rib chiqishini va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Dolmabaxche saroyida Rossiya-Ukraina delegatsiyalarining navbatdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi. Shunisi ahamiyatliki, ushbu uchrashuv 7 mart kuni Brestda o‘tkazilgan muzokaralardan keyingi ilk yuzma-yuz muloqotdir.
Muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari sifatida ishtrok etgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy ko‘ra, Ukraina tomoni Moskvaning neytral bo‘lish, yadroviy mamlakatga aylanmaslik, boshqa mamlakatlarning harbiy bazalarini kiritmaslik va qo‘shilmaslik bo‘yicha talabini bajarish yuzasidan yozma hujjat taqdim etgan.
Uchrashuvdan keyin Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Rossiya va Ukraina muzokaralaridan qoniqmaganini bildirdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi