Zelenskiy Rossiya bilan Qrim va Donbass masalasini muhokama qilish ehtimoli haqida gapirdi
Olam
−
08 mart 2022
16543Rossiya Prezidenti Vladimir Putin axborot pufagida qolmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ABC News telekanaliga bergan intervyusida shunday fikr bildirdi.
“Putin axborot pufagida, u o‘zi boshlagan urushni o‘zi tugatishi mumkin”, deb hisoblaydi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, uni saylagan xalq kapitulyatsiya va ultimatumlarni tan olmaydi.
Ukraina rahbari Rossiya bilan hududiy masalalarni ham muhokama qilish mumkinligini aytib o‘tgan.
Zelenskiyga Qrimni Rossiyaning bir qismi, DXR va LXRni mustaqil respublikalar sifatida tan olish mumkinmi, degan savol berilgan.
"Biz Rossiyadan boshqa hech kim tan olmagan, vaqtincha bosib olingan hududlar va tan olinmagan respublikalar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishimiz mumkin, bu soxta respublikalar, biz bu hududlarning kelajakdagi taqdiri bo‘yicha murosa topishimiz mumkin. Men uchun eng muhimi, Ukraina tarkibida bo‘lishni istovchi odamlar bu hududda qanday yashashidir. Ukrainada kim ularni qabul qilmoqchi? Shunday ekan, masala tan olishdan ko‘ra ancha murakkabroq”, — dedi Zelenskiy.
Avvalroq Rossiya Ukrainadan harbiy faoliyatini to‘xtatishni, konstitutsiyaviy ravishda neytral maqomini ro‘yxatdan o‘tkazishni, Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishni, shuningdek, Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini talab qilayotgani haqida xabar bergan edik.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi