Zelenskiy Putinning talablarini xalq muhokamasiga qo‘ymoqchi. Kreml bunga nima deydi?

Olam

image

Kreml jarayonga zarar yetkazmaslik uchun Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar tafsilotlarini oshkor qilmayapti. Bu haqda bugun, 22 mart kuni Prezident Matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan muloqotida so‘z ochdi. 

Xo‘sh, Kreml Vladimir Zelenskiyning Ukrainada Rossiya bilan murosa qilish bo‘yicha ehtimoliy referendum haqidagi g‘oyasiga qanday qaraydi? Peskov ushbu savolga javob berar ekan, “Ukraina suveren davlat va ba’zi ichki tartib-qoidalar bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak” deb hisoblashini aytgan.

“Ammo bundan tashqari, ikki delegatsiya o‘rtasidagi muzokaralar bosqichida bo‘lgan modda ham bor. Men bu moddalarning tafsilotlariga aralasha olmayman, ishonchimiz komilki, hozirda ularni ommaga oshkor qilish biz xohlaganimizdan ancha sekinroq va ahamiyatsiz kechayotgan muzokaralar jarayoniga faqat zarar yetkazishi mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Kreml vakili. 

Peskovga ko‘ra, referendum agar delegatsiyalar takliflar to‘plamini shakllantirgandan keyin o‘tkazilsa, "muzokaralar olib borayotgan guruhlar tomonidan muhokama qilinishi mumkin va kerak bo‘lgan barcha parametrlar bilan bog‘liq". 

“Muzokaralar guruhimiz to‘liq vakolatga, zarur tajribaga va davlat rahbarining zarur siyosiy irodasiga ega. Navbat ukrainalik hamkasblarimizda”, deydi Peskov. 

Qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasining Ukraina bilan muzokaralardagi pozitsiyasi og‘zaki va yozma ravishda aniq shakllantirilgan, hujjatlar Kiyev tomonidan qabul qilingan, ularni nashr etish rejalashtirilmagan. 

“Ular (RF talablari) Ukraina tomoniga yaxshi ma’lum. Aytishim mumkin bo‘lgan narsa shu. Ular nafaqat og‘zaki tushuntiriladi, balki yozma ravishda juda aniq shakllantiriladi. Barcha kerakli hujjatlar loyihasi bir necha kun oldin ukrainaliklarga topshirilgan”, deydi Peskov. 

Kiyevning talablarga javoblari xususida gapirarkan, Peskov, Ukraina ushbu hujjatlarning ayrimlariga javob berganini urg‘uladi.  

“Lekin biz har safar yanada mazmunli va tezroq javob olishni xohlaymiz”, deya qo‘shimcha qiladi Peskov.

Kreml vakili ikki davlat delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi bosqichi sanasini ochiqlamagan. 

Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kuni kecha Yevropaning qator telekanallariga bergan intervyusida Rossiya bilan o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan murosa kelishuvlari, jumladan, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha shartnomalar Ukrainada referendumga qo‘yilishi kerakligini aytdi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing