Zelenskiy NATOning “zaif” qaroriga keskin munosabat bildirdi
Olam
−
05 mart 2022
26429Avvalroq, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ayni paytda alyans Ukrainani parvozlar taqiqlangan hudud deya e’lon qilmasligini va u yerga qo‘shin yubormasligini ta’kidlagandi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy NATOning Ukraina osmonini yopmaslik haqidagi qaroriga izoh berdi. U o‘z murojaatida tegishli bayonot bilan chiqqan.
“Bugun (kecha) NATO sammiti bo‘lib o‘tdi. Zaif sammit, chalkash sammit. Yevropaga erkinlik uchun kurashni hamma ham birinchi raqamli maqsad deb hisoblamasligini ko‘rsatadigan sammit. NATO davlatlarining barcha razvedka idoralari dushmanning rejalaridan yaxshi xabardor. Ular, shuningdek, Rossiya hujumni davom ettirmoqchi ekanligini tasdiqladi. To‘qqiz kundan beri biz og‘ir urushni ko‘rmoqdamiz, ular shaharlarimizni vayron qilmoqda, odamlarimizni, bolalarimizni, turar-joylarni, cherkovlarni, maktablarni o‘qqa tutmoqda, normal hayotni ta’minlaydigan hamma narsani vayron qilmoqda va ular buni davom ettirmoqchi. Yangi zarbalar va qurbonlar muqarrar ekanini bilgan NATO ongli ravishda Ukraina osmonini yopmaslikka qaror qildi. Biz NATO davlatlarining o‘zlari Ukraina osmonini yopish Rossiyaning NATOga to‘g‘ridan-to‘g‘ri agressiyasini keltirib chiqarishi haqidagi rivoyatni yaratganiga ishonamiz. Bu zaif, ichki ishonchsiz kishilarning o‘z-o‘zini gipnozlashidir, garchi ular biznikidan bir necha baravar kuchliroq qurolga ega bo‘lishsa ham. Siz odamlar haqida, insoniylik haqida o‘ylashingiz kerak edi. O‘sha yig‘ilishda nima haqida o‘yladingiz? Shu kundan boshlab o‘ladigan barcha odamlar siz tufayli ham, sizning kuchsizligingiz, tarqoqligingiz tufayli ham o‘ladi”, deydi Prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Alyansning qo‘lidan kelgani Ukraina uchun 50 tonna dizel yoqilg‘isini xarid qilish tizimi orqali o‘tkazish bo‘ldi.
“Aftidan, Biz Budapesht memorandumini yoqib yuborishimiz uchun. Yaxshiroq yoqish uchun. Lekin biz uchun u allaqachon rus qo‘shinlarining o‘tlarida yonib ketgan. Bu biz xohlagan NATOmi? Bu siz qurgan Ittifoqmi? Bugun Alyans rahbariyati parvozlar taqiqlangan hududni yaratishdan bosh tortib, Ukraina shahar va qishloqlarini keyingi bombardimon qilish uchun “yashil chiroq” yoqdi. Siz osmonni yopishingiz mumkin edi. Lekin. Siz bizning umumiy Yevropamiz, umumiy erkinligimiz, umumiy kelajagimiz uchun to‘kilgan bir litr qonimizni litrlab yoqilg‘i bilan ham to‘lay olmaysiz”, degan Zelenskiy.
Shuningdek, u Ukrainaning NATOdagi do‘stlariga minnatdorlik bildirgan.
“Nima bo‘lishidan qat’i nazar davlatimizga yordam berayotgan mamlakatlar ko‘p. Bosqinning birinchi kunidan boshlab. Ishonchim komilki g‘alabagacha. Shuning uchun ham biz o‘zimizni yolg‘iz his qilmaymiz. Biz kurashni davom ettiramiz. Vatanimizni himoya qilamiz, yerimizni ozod qilamiz, qahramonlarimiz tufayli”, degan Zelenskiy.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi