Zelenskiy xalqini nega Rossiya bosqinidan ogohlantirmaganini aytdi
Olam
−
17 avgust 2022
18606Agar Ukraina hukumati Rossiyaning yaqinlashib kelayotgan bosqinini oldindan bilib, aholini bu haqda ogohlantirganida, mamlakat ichki tartibsizlik va aholining ommaviy emigratsiyasi tufayli o‘zini himoya qila olmas edi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “The Washington Post” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon mamlakat iqtisodiyoti oyiga 5 milliard dollardan 7 milliard dollargacha zarar ko‘rmoqda.
“Menga o‘sha vaqtda shunchaki mana, siz hozirdanoq odamlarni tayyorlashni boshlashingiz kerak va ularga pulni tejash kerak, ular oziq-ovqat zaxira qilib qo‘yishlari kerak, deb ayta olmasdingiz.
Agar biz buni (bo‘lajak bosqin haqida ukrainaliklarga) aytganimizda – men ismini aytmayman, ba’zi odamlar xohlagan edi – men o‘tgan yilning oktyabr oyidan boshlab oyiga 7 milliard dollar yo‘qotgan bo‘lardim. Shuningdek, ruslar bizga hujum qilib, bizni uch kun ichida qo‘lga olishardi”, deydi Zelenskiy.
Ukraina yetakchisi ukrainaliklarni bosqin haqida xabardor qilishni kim taklif qilganini oshkor qilmagan. Uning fikricha, mamlakat hokimiyati to‘g‘ri ish qildi: “Agar biz bosqindan oldin xalq orasiga tartibsizlik sepganimizda, ruslar bizni yutib yuborgan bo‘lardi. Chunki tartibsizlik davrida odamlar mamlakatdan qochib ketishadi”.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, bunday siyosat bosqin payti Ukraina imkon qadar kuchli bo‘lishiga olib keldi. Ba’zi ukrainaliklar ketishdi, lekin aksariyati mamlakatda qolib, o‘z uylari uchun kurashga kirishdi, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
"Va bu qanchalik bema’ni tuyulmasin, lekin hamma narsani to‘xtatgan odamlar", deydi u.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi