Zelenskiy Qrim va Donbassni muhokama qilish shartini aytdi

Olam 15050
image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina tomoni xavfsizlik kafolatlarini olgach, Rossiya bilan Qrim va Donbass respublikalari masalalarini muhokama qilishga tayyorligini aytdi.

“Qrim ham, Donbass ham hamma uchun juda qiyin voqea. Va u yerda qandaydir chiqish yo‘li topish uchun siz birinchi qadamni qo‘yishingiz kerak, bu haqda men aytdim: xavfsizlik kafolatlari, urushning tugashi”, degan u Yevropa va Ukrainaning bir qator telekompaniyalariga bergan intervyusida.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u bu masalalarni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda muhokama qilishga tayyor.

“Rossiya Prezidenti bilan birinchi uchrashuvda men bu masalalarni ko‘tarishga tayyorman, ular dolzarb, biz uchun muhim. Ammo ishonchim komilki, bu qaror bu yig‘ilishda bo‘lmaydi. Chunki, rostini aytsam va xavfsizlikni kafolatlash masalalarida biz konstitutsiyaviy o‘zgarishlar, Ukraina qonunchiligidagi o‘zgarishlar haqida gapiryapmiz. Agar bu haqda gapiradigan bo‘lsak, har qanday holatda ham buni nafaqat prezident, balki Rada va Ukraina xalqi ham hal qiladi”, degan Zelenskiy.

20 mart kuni Zelenskiy CNN telekanaliga bergan intervyusida Kiyev Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini yo‘qotmaydigan modelni topishi kerakligini aytgandi. Respublika Kiyev nazorati ostidagi hududlar va vaqtincha bosib olingan hududlar o‘rtasida yangi urushlarning oldini olish modelini topishi kerak, degan u.

Ma’lumot uchun, Ukraina bilan muzokaralardagi Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy Moskva va Kiyev Ukrainaning neytral maqomi, uning NATOga qo‘shilmasligi borasida “pozitsiyalarini iloji boricha yaqinlashtirishganini” aytgandi.

Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralarda qatnashayotgan Ukraina delegatsiyasi a’zosi, Prezident devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Rossiya tomonining muzokaralar haqidagi bayonotlari ommaviy axborot vositalarida keskinlikni qo‘zg‘atishga qaratilgan. Unga ko‘ra, Ukraina pozitsiyalari o‘zgarmadi – o‘t ochishni to‘xtatish, qo‘shinlarni olib chiqish va aniq formulalar bilan ishonchli xavfsizlik kafolatlari.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 56
Reyting: 3.2
t
×