Zelenskiy Germaniyaga ayblov qo‘ydi
Olam
−
17 mart 2022
28375Germaniya Ukrainaning Yevropa institutlariga kirishini sekinlashtirib, mintaqada yangi devor qurishda ishtirok etmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Bundestag (Germaniya parlamenti) deputatlari qarshisidagi nutqi davomida aytib o‘tdi.
Prezident o‘z nutqini Germaniyada ko‘plab o‘yinchilar Rossiyani vaziyat talab qiladigan tarzda cheklamoqchi emasligini qoralash bilan boshladi.
“Men sizga uch haftalik keng ko‘lamli bosqindan keyin murojaat qilyapman. Minglab ukrainaliklar halok bo‘lganidan keyin... Sizning kompaniyalaringiz Rossiya bilan, urushni moliyalash uchun sizdan va boshqa davlatlardan foydalanadigan davlat bilan qancha rishtalar qoldirganini ko‘rganimizdan keyin”, degan u.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, avvalroq Ukrainaning G‘arb dunyosi bilan tezkor integratsiyalashuviga qarshi bo‘lgan Germaniya hujumni uyushtirganlik uchun javobgarlikning bir qismini o‘z zimmasiga oladi.
“Biz sizdan Ukraina NATOga a’zo bo‘lish uchun nima qilishi kerak, deb so‘raganimizda, biz javob tariqasida stolda bunday qaror yo‘q va bo‘lmaydi, deb eshitdik. Siz esa hozir Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi masalasini kechiktirmoqdasiz. Siz uchun bu siyosat. Lekin, aslida, bu toshlar, (Yevropani ajratib turuvchi) yangi devor uchun toshlar”, deb tushuntirgan Prezident.
Ammo Vladimir Zelenskiy Germaniyada nima bo‘layotganini tushunadigan siyosatchilar borligini ta’kidlagan.
“Men axloqni iqtisoddan ustun qo‘ygan nemis biznesidan minnatdorman. Men Rossiyaning puli va ukrainalik bolalarning o‘limi o‘rtasida hayotni tanlagan siyosatchilardan minnatdorman... Ukraina Yevropa Ittifoqida bo‘lishini biladiganlarga”, degan u.
Zeyelnskiy Germaniya kansleri Sholsni hozirda Yevropada qurilayotgan “devorni buzish”ga chaqirdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi