Zelenskiy birinchi darajali harbiy-siyosiy vazifani aytdi
Olam
−
17 avgust 2022
8860Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ukrainaliklarni dushmanni urushdan charchatishi uchun hamma narsa qilishga chaqirdi. Bu haqda Prezident ukrainaliklarga murojaatida aytib o‘tdi.
“Qurolli kuchlarimizga, razvedka, maxsus xizmatlarimizga bosqinchilar armiyasini zaiflashtirishda yordam berayotgan barcha ukrainaliklarga rahmat aytmoqchiman. Bu Ukrainaning muhim ustunligi va kelajakdagi g‘alabamizning asosiy sababi – himoyachilarimizning kurashi Ukraina xalqining so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashiga asoslanadi. Bu xalq ozodlik urushi, bu davlatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun butun Ukraina kurashidir”, degan Zelenskiy.
U Ukrainani millionlab odamlar himoya qilayotganini urg‘ulab, xalq harbiylarni kerakli ma’lumotlar va zarur buyumlar bilan ta’minlab turganini aytgan.
“Ukrainani u yoki bu tarzda millionlar himoya qilyapti. Frontda jang qilayotgan, o‘z shahar va qishloqlari uchun kurashayotgan, shu jumladan, ishg‘ol ostidagilar, bosqinchilarning texnikasini to‘xtatgan, bizning razvedka va maxsus xizmatlarimizni xabardor qilgan va xabardor qilayotgan, o‘z hududida bosqinchilarga qarshi turgan, Ukraina uchun zarur bo‘lgan materiallarni ta’minlaydigan va ko‘ngilli bo‘lgan, chet elda bizning manfaatlarimiz uchun kurashayotgan, axborot urushida qatnashadigan barcha davlat institutlari va iqtisodiyotimiz ishini ta’minlaydigan millionlab odamlar”, degan Zelenskiy.
Prezident ushbu xalq mudofaasi tamalini saqlab qolish uchun zarur choralar ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan.
“Dunyoda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash kamaymasligi va davlatimiz g‘alaba sari intilishi uchun u yoki bu tarzda davlatimizni himoya qilganlarning faolligi kamaymasligi kerak. Hamma narsani odatdagidek qiling – Ukraina uchun. Va bundan ham ko‘proq, chunki Rossiya rahbariyati ukrainaliklar, yevropaliklar va butun dunyo bu urushdan charchashini kutmoqda. Biz o‘zimizni va do‘stlarimiz va sheriklarimizni emas, balki dushmanimizni charchatish uchun hamma narsani qilishimiz kerak. Biz Ukrainadan bosqinchilarni quvib chiqarishimiz uchun har kuni Rossiyaning jang qilishi qiyinlashib borishi kerak – bu bizning birinchi raqamli harbiy-siyosiy vazifamiz”, degan Prezident.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi