“Yovuzlik yana qaytdi”. Zelenskiy 9 may munosabati bilan murojaat yo‘lladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xotira va yarashish kuni munosabati bilan ukrainaliklarga murojaat yo‘lladi. Murojaatni u Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabadan 77 yil o‘tib, “Boshqa hech qachon” shioriga zid ravishda Ukrainada urush boshlanishiga bag‘ishlagan.

“Bu yil biz “Boshqa hech qachon” so‘zlarini boshqacha talqin qilamiz. Biz “Boshqa hech qachon”ni boshqacha eshitamiz. Bu og‘riqli va shafqatsiz eshitiladi. So‘z so‘ngida undov emas, so‘roq. Boshqa hech qachon? Buni Ukraina haqida ham ayting.

Ushbu shiordan “hech qachon” so‘zi olib tashlandi. Bu so‘z maxsus operatsiya deb ataladigan urush vaqtida amputatsiya qilingan. Ular yuragimizga pichoq sanchib, ko‘zlarimizga qarab: "Bu biz emas!" deyishdi. Ular "Yana qila olamiz" deb "Boshqa hech qachon"ni o‘ldirishdi.

Ikkinchi jahon urushidan o‘nlab yillar o‘tib, Ukrainaga zulmat qaytdi. Va u hozir yana oq-qora rangda. Yana! Yovuzlik qaytib keldi. Yana! Faqat boshqa shaklda, turli shiorlar ostida, lekin bir maqsad bilan. 

Ukrainada natsizmni qonli tiklash amalga oshirildi. Bu ushbu rejimga fanatik taqlid. Uning g‘oyalari, harakatlari, so‘zlari va belgilariga. Uning vahshiyliklarini sehrlangandek takrorlash va zulmni muqaddas ish deb ko‘rsatishgacha bo‘lgan dalillargacha... Uning jinoyatlarini takrorlash va hatto "ustoz"danda oshib ketish. Ksenofobiya, nafrat, irqchilik hamda ular olib kelishi mumkin bo‘lgan qurbonlar soni bo‘yicha yangi jahon rekordini o‘rnatish”, deydi Zelenskiy.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

159

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing